Buxoro viloyati Romitan tumani “Nurafshon” hududi dalasida chigit ekish mavsumi oldidan ko‘rgazmali amaliy seminar tashkil etildi.
Unda viloyat hamda tumanlar sektorlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, sohaga mas’ul tashkilot va korxonalar, paxta-to‘qimachilik klasterlari, olimlar va mutaxassislar, paxta–to‘qimachilik klaster korxonalari mutasaddilari, fermerlar qatnashdi.
Seminarda yerga plyonka ostida va ochiq maydonda chigit ekish agrotexnik talab va me’yorlari, texnikalar sozligi, chigitni bir tekis undirib olish bilan bog‘liq jarayon amaliyotda tushuntirib berildi.

Tajribali dehqon-mutaxassislarning fikricha, chigit belgilangan muddatlarda ekilsa ertaroq, bir tekis va sog‘lom ko‘chat olinadi. Bunga urug‘ yumshoq, nam va harorati yetarli bo‘lgan tuproqqa qadalganida erishiladi. Chigitni muddatidan oldin yoki kech ekish kutilgan natijani bermaydi. Tuproq harorati 10 santimetr chuqurlikda 13-14 gradusga yetganida chigit urug‘ini qadash uchun eng qulay muddat sanaladi. Urug‘ qisqa kunlarda ko‘tarilishni boshlaydi. Tuksiz chigit tukliga nisbatan 5-6 kun kechroq ekiladi.
Ko‘rgazmali amaliy seminarda fermer xo‘jaliklari rahbarlari, dehqonlarga tavsiya va takliflar berildi.

Ko‘p yillik tajribadan kelib chiqqan holda joriy mavsumda ham viloyatda ertapishar “Buxoro-102”, “Buxoro-10” (“Sardor”), “Porloq” va o‘rtapishar “Buxoro-6”, “Buxoro-8” kabi mahalliylashtirilgan g‘o‘za navlarini ekish rejalashtirilgan. Navlar hududlarning tabiiy-iqlim sharoiti, o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib joylashtiriladi. Har yilgi dehqonchilik mavsumi kabi ob-havo beqaror kelishi kutilayotgan bu yilgi sharoitda ham chigitni maqbul muddatlarda, tez va sifatli ekib, undirib olish mo‘l hosil yetishtirishda o‘z samarasini beradi.

Buning uchun tumanlarda paxta yetishtiriladigan jami 21 ming 364 ta konturda mas’ul sektorlar miqyosida faoliyat olib boradigan 146 ta otryad, qolaversa, ular tasarrufidagi mavjud 301 ta “CASE–1200” rusumli yuqori unumli chigit ekkich, boshqa texnikalar ish faoliyati kunlik muvofiqlashtirib boriladi.
Seminarda zamonaviy, yuqori unum bilan ishlovchi qishloq xo‘jaligi texnika vositalari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Ma’lumot uchun: joriy yilda buxorolik paxtakorlar 96 ming 220 gektar maydonga chigit ekib, o‘tgan yildagidanda salmoqli “oq oltin” xirmoni barpo etish taraddudida.
Ko‘rgazmali amaliy seminarda viloyat hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqdi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri