Buxoro viloyatida joriy yilda 3 trillion 37 milliard so‘m byudjet xarajatlarining 63 foizi ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash xarajatlariga yo‘naltirildi.
Viloyat aholisiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish va sog‘lig‘ini saqlash bilan bog‘liq tadbirlarga byudjet xarajatlarining 38 foizi yoki 1 trillion 153 milliard so‘m sarflandi.
Ta’lim sohasi xarajatlariga byudjet daromadlarining 11 foizi ajratildi. Jumladan, maktabgacha ta’lim tashkilotlarini saqlashga 88 milliard so‘m va xalq ta’limi muassasalarida qulay-sharoitlar yaratish tadbirlariga 216 milliard so‘m sarflandi.
Umumta’lim maktablarida zamonaviy energotejamkor 246 ta qozonlar o‘rnatish va issiqlik tizimini ta’mirlash ishlariga mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 10 milliard so‘m mablag‘ ajratildi va viloyatdagi 100 ga yaqin umumta’lim maktablaridagi mavjud yaroqsiz, talabga javob bermaydigan burjuyka pechlari to‘liq almashtirildi.

Viloyatdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun nafaqalar va moddiy yordam to‘lovlariga o‘tgan yilga nisbatan 1,5 barobar ko‘p mablag‘ ajratildi. Ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 26 ming nafardan 71 ming nafarga yetkazildi.
Davlat rahbarining tashabbusi bilan ayollar va yoshlar bandligini ta’minlash, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan jamg‘armalarga qariyb
10 milliard so‘m, “Temir daftar”ga kiritilgan kam ta’minlangan aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga 8 milliard so‘m ajratildi.
Viloyatning tuman va shahar obodonlashtirish boshqarmalariga 4,2 milliard so‘mlik 17 ta maxsus texnika va mexanizmlar xarid qilindi.
719 ta uy-joydagi 34 ming nafar aholiga berilgan issiqlik ta’minoti xizmati uchun pasaytirilgan tariflarni qo‘llash natijasida issiqlik ta’minoti korxonalarining yuzaga kelgan zararlari o‘rnini qoplash uchun issiqlik energiyasini ishlab chiqaruvchilarga 22,7 milliard so‘m miqdorida subsidiyalar ajratildi.
Viloyatda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, issiqlik energiyasini uzluksiz yetkazish tadbirlariga 5,8 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
Xalqaro, Davlat hamda mahalliy ahamiyatdagi jami 163 kilometr umumfoydalanishdagi avtomobil yo‘llarini saqlash va ekspluatatsiya tadbirlariga 62,6 milliard so‘m, shuningdek, 148 ta mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi 90 kilometr ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun 21,6 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Viloyatdagi 37 ta nasos stansiyalari, 197 ta nasos agregatlari, 967 ta tik quduqlarni saqlash hamda 140 mln KVt elektr-energiya to‘lovlari uchun qariyb 73 milliard so‘m mablag‘ berilgan.
Zarif Komilov, O‘zA