Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda “Biznes marafon” loyihasi
15:53 / 2025-07-10

Buxoroda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchi yoshlari va muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar ishtirokida viloyat hokimligi tomonidan “Biznes marafon” loyihasi doirasida uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda yoshlarning mustaqil hayotga qadam qo‘yishlari, kasbiy qiziqishlarini shakllantirish, potensial ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish va ularning bandligiga ko‘maklashish maqsadida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarining ko‘rgazmalari tashkil qilindi.

Yarmarkada 100 dan ziyod yirik korxonalar o‘zlarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari hamda amaliyot dasturlari bilan ishtirok etdi. O‘tkazilgan seminar-treningda viloyat hokimi Botir Zaripov yosh yigit-qizlarning iqtidor va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, xususan, ularning biznes salohiyatini yuksaltirish borasida o‘z fikrlarini bildirdi.

[gallery-24253]

– Ushbu kunlar siz uchun yangi hayot boshlanadigan kunlar hisoblanadi. Bugun sizlarning hayotingizdagi muhim bosqich – oliy ta’lim davrini yakunlab, ilm, izlanish, tinimsiz mehnat bilan o‘tgan yillaringiz endi o‘z mevasini berish arafasida. Siz endi talaba emassiz. Siz – mas’uliyatli, bilimli, yurtga kerak bo‘lgan Vatan farzandlarisiz. Siz – bu yurtning muhandislari, shifokorlari, o‘qituvchilari, tadbirkorlari va yetakchilarisiz. Siz – bizning umidimiz, kelajagimiz, davlatimiz istiqbolisiz! O‘zgarishni kutmang – o‘zingiz boshlang! Kimdir “Menga imkoniyat berilmadi” deydi. Siz “Men imkoniyat yarataman!” deb harakat qiling. Shaxsan men bu borada sizlarga ko‘makchi bo‘laman, – dedi hokim Botir Zaripov. 

“Biznes marafon” doirasida viloyatning ko‘zga ko‘ringan, sohasida katta marralarni zabt etgan biznes vakillari o‘z tajribalari, tadbirkorlik bilan samarali shug‘ullanish va marketingda muvaffaqiyatga erishishda nimalarga e’tibor qaratish kerakligi haqida yig‘ilganlarga tavsiyalarini, mahorat saboqlarini ulashdi.

Yoshlar spikerlarga o‘zlari uchragan muammoli vaziyatga yechim topish borasidagi noodatiy savollarni yo‘llashdi hamda foydali, muhim maslahatlarni, javoblarni qiziqarli, sodda va atroflicha tarzda oldi.

“Biznes marafon” endigina tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagidagilar uchun unutilmas ko‘nikma va motivatsiya maydoni bo‘ldi. 

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.