Buxoroda “Besh tashabbus haftaligi” tadbirlariga start berildi
Buxoro Yoshlar markazida “Besh tashabbus haftaligi” tadbirlariga start berildi.
Buxoroda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan yoshlarning ertangi istiqboli, maʼnaviyatimiz rivoji uchun xizmat qiluvchi 5 ta muhim tashabbusning amaliyotga tatbiqi qizgʻin davom etmoqda.
Buxoro Yoshlar markazida “Besh tashabbus haftaligi” tadbirlariga start berildi.
Haftalikning ochilish marosimida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Farhod Umarov taʼkidlaganidek, tashabbus doirasida har bir shahar va tumanida yangi kitob doʻkoni, Buxoro va Kogon shaharlari, Shofirkon, Qorakoʻl, Gʻijduvon tumanlaridagi madaniyat va istirohat bogʻlarida, aholi gavjum joylarda yengil konstruksiyali kitob doʻkonlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Yoshlarning sportga boʻlgan qiziqishini yana-da oshirish maqsadida qisqa muddatda umumtaʼlim maktablaridagi sport seksiyalari soni 2860 tadan 3370 taga yetkazildi.
Bundan tashqari, olis va chekka qishloqlarda yengil konstruksiyali “sendvich-panel”dan kichik sport zallari, sunʼiy qoplamali sport inshootlari qurilishiga alohida eʼtibor qaratila boshlandi. Shuningdek, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmasini shakllantirish maqsadida barcha shahar-tumanlarda raqamli texnologiyalar va IT-tadbirkorlik oʻquv markazlarini tashkil etish rejalashtirilgan boʻlib, ayni vaqtda Buxoro va Kogon shaharlarida, Qorakoʻl, Olot tumanlarida shunday markazlar oʻz faoliyatini boshladi. Yaqin vaqt ichida Buxoro va Jondor tumanlaridagi markazlar ham foydalanishga topshiriladi.
Besh tashabbus ijrosi doirasida shuningdek, mahalliy byudjet hisobidan xarid qilingan qariyb 30 mingta turli mavzudagi kitoblar, 12 mingdan ziyod sport jihozlari bugungi tadbirda “Besh tashabbus karvoni”ga ortilib, shahar va tumanlardagi mavjud 536 ta umumtaʼlim maktabiga topshirish uchun yoʻl oldi.
Marosimda, sanʼat, sport va axborot texnologiyalari yoʻnalishida yuqori marralarga erishgan yoshlar ishtirokida “Besh tashabbus haftaligi” tadbirlariga ramziy start berildi.