Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda «Ayollar sport festivali» bo‘lib o‘tdi
11:17 / 2021-06-12

Buxoroda «Sog‘lom ayol – buyuk kelajak» shiori ostida «Ayollar sport festivali» o‘tkazildi. Unda viloyatdagi korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan faol xotin-qizlar qatnashdi. Tadbir Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, viloyat hokimligi, viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi hamda «Mahalla» xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil qilindi.

Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar jamiyatimizda har sohada ayollar faolligini alohida e’tirof etishdi. Ayollar qadr topgan jamiyatda yuksalish, taraqqiyot va tinchlik bardavom bo‘lishni alohida ta’kidlashdi. Shuningdek, so‘nggi yillarda davlat rahbari tomonidan xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish borasidagi keng ko‘lamli ishlarga alohida e’tibor qaratilayotgani, ayollarning turli sohalarda o‘z iqtidor va qobiliyatini namoyish etib, ularning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini ta’minlash, oila institutini yanada mustahkamlash bo‘yicha rejali ishlar amalga oshirilayotgani e’tirof etildi.

Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilgan festivalda 200 nafardan ortiq xotin-qizlar sportning shaxmat-shashka va stol tennisi turlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashishdi.

O‘zaro teng kurashlar va murosasiz bahslar davomida xotn-qizlar o‘zlarining imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishdi. Bellashuvlar davomida Shaxnoza Ochilova, Xolida Aslonova, Dilnavoz Xudoyberdiyeva, Mahsuma Adizova, Umida Rajabova, Munira Raximovalar raqiblaridan bir bosh ustun ekanliklarini isbotlab festivalning g‘olib va sovrindorlari qatoridan o‘rin olishdi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad xotin-qizlarni jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish, ularning salomatligini mustahkamlash, har tomonlama jismoniy kamol topishiga ko‘maklashishdan iboratdir.

Festival yakunida g‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Festivalni viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi, viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Feruza Ibragimova qatnashdi.

Zarif Komilov, O‘zA