Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda aholi turmush sharoitini yaxshilash borasida qanday ishlar bajarildi?
11:07 / 2024-09-05

Buxoro viloyatida aholi turmush tarzini yaxshilash, yashash uchun qulay sharoit yaratish borasida keyingi yillarda davlat dasturlari asosida katta ishlar amalga oshirildi.

Xususan, uy-joy qurilishi bo‘yicha davlat dasturlari asosida aholining uy-joyga muhtoj qatlami uchun o‘tgan 2017-2023 yillarda jami 26 642 ta xonadondan iborat bo‘lgan 976 ta ko‘p qavatli uy-joy qurildi.

2023 yilda bozor tamoyillari asosida xususiy tadbirkorlar tomonidan 4079 ta xonadondan iborat bo‘lgan 105 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi.

Ahamiyatlisi, hukumatimiz tomonidan so‘nggi yillarda uy-joylar qurilishida yangicha tizim yaratilib, “Yangi O‘zbekiston” massivlari tashkil qilinmoqda. Xususan, Buxoro viloyatida G‘ijduvon va Qorako‘l tumanlarida “Yangi O‘zbekiston” uy-joy massivlari barpo etilmoqda.

[gallery-19116]

G‘ijduvon tumani Baraka mahallasidagi 35 gektar hududda “Yangi O‘zbekiston” massivida bugunga qadar 320 xonadonli 16 ta uy-joy foydalanishga topshirildi. Qorako‘l tumani Do‘rmon mahallasidagi 26 gektar hududdagi “Yangi O‘zbekiston” massivida esa bugungi kunga qadar 12 ta 240 xonadonli uy-joylar qurildi.

–“Yangi turmush” mahallasidan bu shaharchaga ko‘chib keldik, –deydi “Yangi O‘zbekiston” massividagi yangi xonadon egalaridan biri, 15-uy, 9-xonadon bekasi Gulshoda Erniyozova. –Biz oilamiz bilan o‘qituvchilar sulolasi vakillarimiz. O‘zim qishloqdagi 24-sonli maktabda o‘quvchilarga tasviriy san’at va chizmachilik fanidan saboq berib, nafaqaga chiqqanman. Ko‘p yildirki, ikkinchi guruhi nogironi sifatida davolanishga muhtojligim bois, qishda issiq va shinam uyga ehtiyojimiz bor edi. Turmush o‘rtog‘im Sa’dulla Qodirov, qizim Gulzira va Abdulla o‘g‘lim bilan maslahatlashib, shu yerdan uy sotib olishga qaror qildik. Qiymati 280 million so‘mga baholangan ikki xonali, 50 metr kvadratga teng xonadonni 32 million so‘m boshlang‘ich badalini to‘lab xarid qildik. Bunda bizga “Xalq banki” tuman filiali yaqindan ko‘maklashdi. Uyning qolgan pulini o‘z zimmasiga olgani holda biz bilan 20 yil muddatga kredit shartnomasini rasmiylashtirdi. Asosiysi, pishiq g‘ishtdan mustahkam qurilgan uyda tabiiy gaz, elektr energiyasi, toza ichimlik suvi ta’minotidan biror -kamchilik yo‘q.  

Viloyatda aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish, ularni davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida so‘nggi 4 yilda 3283 nafar fuqaro uy-joy sotib olishi uchun 119,6 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari ajratib berildi. Jumladan, 2023 yilda 1083 nafar fuqaro uy-joy sotib olishi uchun 34,6 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari yo‘naltirildi.

Mazkur ishlarning uzviy davomi sifatida joriy yilda ham 1000 nafar fuqaro uy-joy sotib olishi uchun 39,9 milliard  so‘m subsidiya mablag‘lari ajratish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan aholi qatlamini qo‘llab- quvvatlash maqsadida viloyatda o‘tgan yillarda mahalliy hokimliklar va homiylik mablag‘lari hisobidan boshpanasiz, og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan, uy-joyga muhtoj bo‘lgan jami 377 nafar xotin-qizga yangi uylar qurib berildi va uylari ta’mirlandi.

Shuningdek, yuqorida qayd etilgan toifadagi 49 nafar  xotin-qizga 5,580 milliard so‘m mablag‘ hisobiga ijtimoiy uy sotib olib berildi.  

Hozir uy-joyga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan 131 ta xotin-qizga  yashayotgan uylarning ijara to‘lovlari to‘lab berilmoqda. Shu o‘rinda, oxirgi 2021-2023 yillarda 7 milliard 623 million so‘m davlat byudjetidan mablag‘ ajratilib, 46 nafar boquvchisini yo‘qotgan, voyaga yetgan yetim bolalar to‘liq davlat hisobidan uy bilan ta’minlandi.

Joriy yilda ham voyaga yetgan 20 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola uy bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan. Hozirgi kunga qadar 11 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lganlar uy-joyini xarid qilish uchun 2 milliard 345 million so‘m mablag‘ Ijtimoiy himoya milliy agentligi hisobidan ajratildi. Shuningdek, qolgan 9 nafar bola uchun uy-joy xarid qilish ishlari yil oxiriga qadar amalga oshiriladi.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),

O‘zA muxbirlari