English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda 700 dan ziyod insonning muammosi joyida hal etildi
17:22 / 2022-07-14

Ma’lumki, Prezidentimiz rahbarligida ishlab chiqilib, hayotga izchil joriy qilinayotgan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida xalq bilan muloqot tizimi mexanizmlarini ham takomillashtirish belgilangan.

Bu “Xalqparvar davlat” milliy dasturini izchil amalga oshirishda nihoyatda muhim qadamdir.  

Shunga ko‘ra, davlatimiz rahbari topshirig‘i asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Buxoro viloyatida ommaviy qabullari bo‘lib o‘tdi. 

Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi mas’ullari, Bosh prokuratura, Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud, o‘ttizga yaqin vazirliklar, qo‘mitalar va idoralar rahbarlarining Peshku tumani Yangibozor, Kogon shahridagi Temiryo‘lchilar, Jondor tumani Zarafshon mahallalaridagi ochiq-jonli muloqotlarida viloyatning barcha hududi aholisi qamrab olindi. 

Qabullar davomida ko‘plab murojaatlar ijobiy hal qilindi. Jumladan, Bosh prokuratura mas’ullari g‘ijduvonlik 70 yoshli ta’lim faxriysi Anna Gilyovaning murojaatini joyiga chiqib o‘rgangach, masala hal qilindi. Taqdir taqozosi tufayli yoshligida Buxoroga ko‘chib kelgan, G‘ijduvonda ulg‘ayib, bir umr muallimalik qilgan Anna momoga madaniy meros ob’ekti sifatida olingan ixchamgina uychasi o‘rniga G‘ijduvon tumani “Guliston” mahallasidan egalik huquqi asosida uy-joy ajratilishi ta’minlandi. Yangi xonadon kaliti ham shu yerda topshirildi.  

Prezidentimiz asos solgan xalq bilan muloqot tizimi bois buxorolik Hojiakbar Atoyev, kogonlik Sodiqjon Nurov, g‘ijduvonlik Ashraf Qilichev, qorako‘llik Xurshid Hojiqulov hayotida ham bugun adolat g‘alaba qildi. Bu insonlarning barchasi ancha yillar avval ichki ishlar tizimida biri mayor, ikkisi katta leytenant, yana biri kichik serjant bo‘lib xizmat qilgan. Sud hujjatlarini o‘qirkanmiz, 2008-2016 yillarda ular yetarlicha fakt-isbotlarsiz, dalillar majmui bilan tasdiqlanmagan ko‘rsatuvlar asosida ishdan chetlatilganiga guvoh bo‘lish mumkin. 

Bu galgi muloqotlarda esa Ichki ishlar vazirligi mas’ullari 6-14 yil deganda yana sohaga qaytgan mayor Hojiakbar Atoyev, katta leytenantlar Sodiqjon Nurov va Ashraf Qilichev hamda kichik serjant Xurshid Xo‘jaqulovni birma-bir tabriklab, ularga mas’uliyatli vazifada omad tiladi. 

Bosh prokuratura, Ichki ishlar va Oliy sud mas’ullariga murojaatlardan so‘ng aybiga iqror-u qilmishiga ming pushaymon bo‘lgan, munosib jazo olganini tan olish bilan birga, tuzalish yo‘liga o‘tgan, hayotini izga solish uchun imkoniyat so‘ragan bir qator shaxslar muddatidan avval jazodan shartli ozod qilindi. 

Xususan, murojaatlar asosida jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon tumani sudi jazoni ijro etish koloniyasidagi ochiq sud ishida 29 nafar mahkum manzil koloniyasiga o‘tkazildi, bir nafar mahkumning esa jazosi yengilrog‘i bilan almashtirilib, muddatidan ilgari shartli ozod qilindi. 

Murojaatlar asosida oilaviy zo‘ravonlik va tazyiqqa uchragan bir qator xotin-qizlar davlat himoyasiga olinib, ularga himoya orderlari berildi. Xalq qabulxonalari va 3-sektor mas’ullariga avval murojaat qilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj 10 dan ziyod oilalar farzandlariga ichki imkoniyatlar hisobidan bepul rasmiylashtirib berilgan fuqarolik pasportlari – ID-kartalar topshirildi. 

Buxoro shahrida yashovchi Kamol Husanovning farzandi avvalroq kredit evaziga ixchamgina issiqxona barpo qiladi. Biroq, taqdir-peshona ekan, mehnatining rohatini ko‘ra olmaydi va yaqinda olamdan o‘tadi. Kreditdan qolgan 18 million so‘m qarzdorlikni to‘lashga Kamol ota imkon topa olmayapti. Qarzdorlik esa sudga oshirilgan, suddan ijroga qaratilgan. 

Ayni shu masalada Sudyalar oliy kengashi mas’ullaridan maslahat va yordam so‘ragan Kamol Husanovning kredit qarzdorligi ichki imkoniyatlar hisobidan birato‘la qoplab berildi. Yirik issiqxona tarmog‘iga ega tadbirkorlardan biri yolg‘iz qizi bilan qolgan otaxonning issiqxonasini barqaror ishlab ketishini ta’minlab beradigan bo‘ldi. 

Qabullarda ko‘plab tadbirkorlarning ham muammolari hal qilindi. Jumladan, Markaziy bank va Maktabgacha ta’lim vazirligi mas’ullari bilan muloqotlar asnosida tadbirkor Kimyo Yodgorovaga Kogon tumanida 150 o‘rinli nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti barpo qilish uchun berilgan kreditning imtiyozli davri yana bir yilga uzaytirib berildi. 

Jondorlik Zarina Boqiyevaning murojaati asosida uning xorijda og‘ir xastalikka chalingan otasi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi jamg‘armasi hisobidan mamlakatimizga olib kelinadigan, Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari esa Zarinaning bemor otasini mamlakatimizda davolashga yordam beradigan bo‘ldi.

Qabullardan so‘ng qator murojaatlar joyiga chiqib o‘rganildi. Mahallalarda, xonadonlarda kechgan muloqotlar asnosida ham qator masalalar yechimi bo‘yicha aniq muddatli vazifalar belgilab olindi. Aytaylik, Markaziy bank mas’ullarining Shofirkon tumanining Arabxona, Sho‘robod qishloqlaridagi o‘rganishlaridan so‘ng “Arabxona” mahalla fuqarolar yig‘inining ma’muriy binosini barpo qilish uchun tamal toshi qo‘yildi. Shofirkonning Sho‘robod qishlog‘ida yashovchi bir guruh murojaatchi xotin-qizlar yaqinda ayni shu mahallada ish boshlaydigan “Buxoro agro klaster” korxonasiga ishga joylashtiriladigan bo‘ldi. 

Bir so‘z bilan aytganda, Respublika ishchi guruhining Buxoro viloyatidagi uch kunlik ommaviy qabulida qariyb 1 ming 600 ta masala ko‘rib chiqilib, ularning 714 tasi joyida hal qilindi. 322 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan bo‘lsa, qariyb 560 ta masalani hal qilish bo‘yicha aniq muddat va mas’ullar belgilandi, Prezident Administratsiyasi va Xalq qabulxonalari tomonidan nazoratga olindi. 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA