Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda 6 oyda sodir bo‘lgan YTH o‘tgan yilga nisbatan kamaygan
13:19 / 2022-07-21

Buxoro viloyatida avtotransport vositalari 228 ming 864 tani (20 ming 358 ta yuridik va 208 ming 506 ta shaxsiy) tashkil qiladi.

Tahlillarga ko‘ra, har yuz nafar aholiga o‘rtacha 12 ta avtotransport vositasi to‘g‘ri kelmoqda. 2016-2022 yillar davomida viloyatda ro‘yxatga olingan avtotransport vositalari 186 ming 941 tadan 228 ming 864 taga (41 ming 923 taga) ko‘paygan.

Viloyatda jami avtomobil yo‘llari uzunligi 17 ming 170 km bo‘lib, shundan xalqaro ahamiyatdagi yo‘llar 510 km, davlat ahamiyatidagi yo‘llar 1 ming 155 km, mahalliy ahamiyatidagi yo‘llar 2 ming 406 km, shahar ko‘chalari, ichki xo‘jalik yo‘llari va xo‘jaliklararo qishloq idoraviy yo‘llari uzunligi esa 13 ming 99 kilometrni tashkil qiladi.

Xalqaro yo‘llarga 330 km davlat ahamiyatidagi yo‘llarda  82 km himoya to‘siqlari o‘rnatilgan. Joriy yil hozirga qadar qarama-qarshi yo‘nalishga chiqish natijasida 12 ta to‘qnashuv sodir bo‘lgan.

Yo‘llarda 140 ta svetofor qurilmalari, 20 ming 670 ta yo‘l belgisi o‘rnatilgan. 570 ta piyodalar o‘tish joylari mavjud. Shundan, tartibga solingan piyodalar o‘tish joylari 19 tani, yer osti piyodalar o‘tish joylari 2 tani tashkil qiladi.

Viloyatda joriy yil 6 oyida sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari 2021 yilning shu davriga nisbatan 5 taga (144 tadan 139 taga) yoki 3,5 foizga kamaygan.

Umumiy hisobda viloyatdagi 13 ta shahar-tumandan 8 tasida yo‘l-transport hodisalari soni kamaygan. Buxoro va Kogon shaharlari, Buxoro, G‘ijduvon va Jondor tumanlarida yo‘l-transport hodisalari 2021 yilning shu davriga nisbatan oshgan.

Tan jarohati bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari 4 taga (144 tadan 139 taga) yoki 3,5 foizga, o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari soni 1 taga (30 tadan 29 taga) yoki 3,5 foizga kamaydi.

Biroq viloyatdagi 4 ta tumanda ya’ni G‘ijduvon, Shofirkon, Qorovulbozor, Buxoro tumanlarida o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari ortgan.

Yo‘l transport hodisalari shahar-tumanlar kesimida tahlil qilinganda, mazkur hodisalar yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlarining 60 foizi yoki 83 tasi Buxoro shahar, G‘ijduvon va Buxoro tumanlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Yo‘l-transport hodisalari turlari bo‘yicha tahlil qilinganda, ularning 33,8 foizi (47 tasi) piyodani urib yuborish, 25,8 foizi (36 tasi) to‘qnashuv, 15,8 foizi (22 tasi) velosipedchini turtish, 10 foizi (14 tasi) ag‘darilish, 4,3 foizi (6 tasi) turgan transport vositasiga urilish, 6,4 foizi (9 tasi) to‘siqqa urilish, 0,7 foizi (1 tasi) ot-aravani urib yuborish tashkil etgan.

Mazkur yo‘l transport hodisalarining kelib chiqish sabablari o‘rganilganida, belgilangan tezlikka rioya qilmaslik, piyodalar o‘tish joyidan o‘tish qoidasini buzish, piyodalarning yo‘lni belgilanmagan joyidan kesib o‘tishi, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqish, quvib o‘tish, yo‘nalishni o‘zgartirish, oraliq masofani saqlamaslik, svetofor talablariga bo‘ysunmaslik, chorrahadan o‘tish qoidasiga amal qilmaslik, charchoq, rulda uxlab qolish, transport vositasini spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda boshqarish kabi qoidabuzarliklardir.

Yo‘l-transport hodisalari asosan avtomobil yo‘llarida harakatning tig‘iz paytiga, fuqarolarning ishga, o‘quv muassasalariga borish va qaytish vaqtiga to‘g‘ri keladi.

Shu kabi yo‘l transport hodisalarining oldini olish maqsadida kunning 07:00 dan 09:00 gacha va 19:00 dan 21:00 gacha bo‘lgan vaqtda barcha yo‘llar va piyodalar o‘tish joylarida kuchaytirilgan tartibda xizmatga jalb qilinishi yo‘lga qo‘yilgan.

 

Zarif Komilov, O‘zA