English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda 5 mingdan ortiq ehtiyojmand oilaga ixcham issiqxona qurib beriladi
16:59 / 2021-09-15

Buxoro viloyati hokimligi, Markaziy bank viloyat Bosh boshqarmasi va “Buxoro Markaziy ta’minot tomorqa xizmati” MCHJ buyurtmasiga binoan “Buxoro Mexanika-ta’mirlash zavodi” tomonidan yana bir xayrli tashabbusga qo‘l urildi.

Viloyat tumanlarida “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan mehnatga layoqatli ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash maqsadida aholi tomorqasida yengil konstruksiyali issiqxonalar tashkil qilish konsepsiyasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, endilikda viloyat hokimligi huzurida mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklida tashkil etilgan “Buxoro Markaziy ta’minot tomorqa xizmati” buyurtmasiga binoan “Buxoro Mexanika-ta’mirlash zavodi”da Koreya davlati andozasiga muvofiq 1 sotixdan 4 sotixgacha maydonda issiqxona konstruksiyasini barpo etishga kirishilgan.  

Viloyatning barcha tumanlarida jami 5 ming ta oilaga tanlov asosida, ularning ijtimoiy ahvolidan kelib chiqib, ana shunday yengil konstruksiyali issiqxonalarni bankning imtiyozli kredit mablag‘i evaziga qurib berish sa’y-harakati boshlangan.

– Bu issiqxonalar uchun ayni kunda tumanlar miqyosida “Agrobank”, “Xalq banki”, “Mikrokreditbank” kabi tijorat banklari tomonidan umumiy qiymati 38 milliard 350 million so‘m kredit mablag‘i moliyalashtirilgan, – deydi viloyat Markaziy banki bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Ulug‘bek Jumayev. – Bu degani, “Har bir oila — tadbirkor” davlat dasturi doirasida tumanlarda o‘rta hisobda 500 tadan 1-4 sotix atrofidagi issiqxonalar ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj oilalar uchun qurib berilmoqda. Bunda har sotix issiqxona uning egasi uchun 7 million 670 ming so‘mdan tushadi. Bu sarmoya bankning 3 yil muddatga, jami 14 foizli stavkasi miqdorida, yana dastlabki davrida 6 oy imtiyozli to‘lov davri inobatga olingani holda rasmiylashtirib berilayotgani xonadon egalari uchun ham juda qulay. Oddiyroq aytganda, ular yarim yil mobaynida issiqxonadan orttirilgan daromad hisobidan bankka 90 ming so‘m atrofida, yettinchi oydan boshlab esa 255 ming so‘m miqdorida to‘lovni amalga oshirishlari lozim.  

Dehqon-mirishkorlar tajribasidan kelib chiqqanda, bir yilgi dehqonchilik mavsumida uch martagacha hosil olish mumkin bo‘lgan issiqxona xo‘jaligidan bir mavsumda, ya’ni, uch oylik pomidor parvarishidan har sotixda 350 tup nihol parvarishlansa, o‘rta hisobda 1 tonna 300 kilogramm atrofida sara hosil – pomidor yetishtirish va pirovardida bozor narxida 6 million so‘m daromadga ega bo‘lish mumkinligi o‘z isbotini topgan.  

– Ochiq maydonda bir marta pomidor, bodring yetishtirgan bo‘lsak, endilikda bizga yaratib berilayotgan issiqxonalar tufayli dehqonchilik yilida uch marta hosil olish, nafaqat pomidor, balki kartoshka, sabzi, karam va boshqa sabzavot mahsulotlarini yetishtirish imkoniga egamiz, – deydi “Jo‘ynav” mahalla fuqarolar yig‘inida “Ayollar daftari”da turgan Dilrabo Jo‘rayeva. – Shu bois, har birimizga oilamiz bilan ikki sotixdan issiqxona qurib berilayotganidan mamnunmiz. Albatta, halol mehnatimiz bilan bu imkoniyatdan unumli foydalanib, ro‘zg‘orimiz kam-ko‘stini to‘ldirish va dasturxonimiz to‘kinligini ta’minlaymiz.  

 

Zarif Komilov, O‘zA