Buxoro viloyati Buxoro tumanida qurilishda ishlayotgan 5 nafar kishining ehtiyotsizlik oqibatidagi fojiali vafoti haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ushbu ayanchli holat ko‘pchilikning ko‘nglini xira qildi.
Xabarlarga ko‘ra, xususiy qurilish korxonasi ishchilari ruxsat olmasdan, kanalizatsiya qopqog‘ini ochgan va quvurga tushgan. Kuchli oqim oqibatida quvur ichida oqib ketgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.
Mazkur holat yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, XDP fraksiyasi a’zosi Shokirjon Ahmedov munosabat bildirdi.
“Ayanchli, fojiali voqea mamlakatimizda tobora dolzarb bo‘lib borayotgan bir masalani yana kun tartibiga chiqardi. Bu – qurilishlarda ishlayotgan ishchilarning huquqlari, mehnati muhofazasi haqidagi masala.
Bugun yurtimizda ko‘plab qurilishlar bo‘lyapti, bu yaxshi. Lekin ming-minglab yigitlar xususiy qurilish kompaniyalarida norasmiy ishlab yuribdi, huquqsiz, himoyasiz ishlayapti.
Bu masala bir necha marta hukumat darajasida ko‘tarilgan, ularning mehnatini rasmiylashtirish, huquqlarini himoya qilish vazifalari belgilangan. Ammo ijro, nazorat sust.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining eng prinsipial funksiyalaridan biri mehnat huquqini ta’minlash, mehnatni, ya’ni, ishlayotgan insonni muhofaza qilish hisoblanadi. Afsuski, ular hozir dolzarb bo‘lgan ushbu masala bilan astoydil shug‘ullanayotganini ko‘rmayapmiz. Insonni himoya qilish masalasida bu vazirlik o‘zining borligini ko‘rsatishi uchun yana qancha vaqt kerak?
Birinchi masala: daromadga muhtoj fuqarolarni norasmiy ishlatayotgan, huquqlarini hisobga olmayotgan, qonunlarga rioya etmayotgan tadbirkorlar, tashkilotlarga nima uchun ta’sirchan chora ko‘rilmayapti?
Buxoroda halok bo‘lgan 5 yurtdoshimizning farzandlari ishlab oilasiga yordam bera olmaydi. Bolalari qarovsiz, himoyasiz qoladimi? Ularning ishlayotgani rasmiylashtirilganmidi? Rasmiy bo‘lsa, vafot etganlarning oilasiga kompensatsiya to‘lanadimi? Ular kimningdir farzandi, otasi, akasi, yagona umidi bo‘lgandir!
Mutasaddi idoralar bu masalalarga jiddiy qarab, vafot etganlarni, ularning oilasini va albatta, yurtimizda norasmiy ishlayotgan ming-minglab yurtdoshlarimiz huquqlarini himoya qilish choralarini ko‘rishi zarur.
Xalq demokratik partiyasining fraksiyasi deputatlari norasmiy ishlashga majbur bo‘layotgan, faqat qurilishda emas, barcha sohalarda himoyaga muhtoj bo‘lib turgan insonlarning huquqlarini muhofaza qilish zarur, deb hisoblaydi. Biz bu masalani parlament muhokamasiga olib chiqamiz”, deydi deputat o‘z munosabatida.
Darhaqiqat, ushbu fojiali holat norasmiy ishlayotgan minglab fuqarolarning huquqlarini himoya qilish borasida zarur choralarni ko‘rish shartligini yana bir bor namoyon etdi.
Muhtarama Komilova, O‘zA