English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda 312 mansabdor shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortildi..
13:48 / 2020-02-01

Qorakoʻl tumanida yashovchi R.Ergasheva Buxoro viloyati adliya boshqarmasiga ariza bilan murojaat qiladi.


Qorakoʻl tumanida yashovchi R.Ergasheva Buxoro viloyati adliya boshqarmasiga ariza bilan murojaat qiladi. U hududdagi oʻzi ishlayotgan pedagogika va sport kolleji direktorining xatti-harakatlaridan shikoyat qilib, adolatni tiklashni soʻraydi.

Arizani oʻrganish jarayonida unda keltirilganidek, kollej mansabdor shaxslari tomonidan barcha xodimlardan noqonuniy yigʻim undirilayotganligi va R.Ergashevaga mehnatga layoqatsizlik varaqasi asosida toʻlov toʻlanmaganligi isbotini topdi. Koʻrilgan choralar natijasida masala yechim topdi. R.Ergashevaga mehnatga layoqatsizlik davri uchun toʻlov undirib berildi. Kollej mansabdor shaxslari maʼmuriy javobgarlikka tortildi. Bu adliya boshqarmasining joylarda qonuniylik masalasiga alohida eʼtibor qaratilayotgan faoliyatidagi koʻp sonli misollardan biri.

Har bir murojaat ortida insonni qiynayotgan muammolar va uning adolatli yechimiga boʻlgan ishonchu umidi yotibdi. Gohida shunday boʻladiki, u yoki bu fuqaro tegishli idoraga muayyan masala yuzasidan yuzlanganda, yoxud ariza yoʻllaganda toʻlaqonli javob ololmaydi. Shunda u takror va takror turli yuqori tashkilotlarga murojaat qilishga majbur boʻladi.

Bunday holatlarning oldini olish maqsadida adliya boshqarmasi tegishli soha mutaxassislarini jalb qilgan holda koʻtarilgan masalalarni muammo hududida oʻrganmoqda. Oʻtgan yili 626 ta murojaat shu yoʻsinda koʻrib chiqilgan. 1796 ta holatda esa ariza uni yozgan fuqaro ishtirokida joyiga chiqib oʻrganildi va koʻplab masalalar hal qilindi.

Murojaatlar tahlili ayrim ish beruvchilar mehnat qonunchiligi qoidalariga hamisha ham amal qilmasliklarini koʻrsatmoqda. Buxoro shahrida yashovchi, viloyat bolalar koʻptarmoqli tibbiyot markazi xodimi A.Xodjiyev shunday muammoga duch keldi. U oʻz murojaatida ishdan asossiz boʻshatilganini bildiradi. Masala oʻrganilganda, fuqaro haq boʻlib chiqdi. Tibbiyot markazi rahbarining A.Xodjiyev bilan mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi buyrugʻi asossiz, deb topildi.

Viloyat adliya boshqarmasi 2019-yilda yuridik shaxslar va fuqarolarning buzilgan qonuniy huquq va putur yetgan manfaatlarini himoya qilish, yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararlarini undirish toʻgʻrisida sudlarga jami, salkam 8 milliard 152,2 million soʻmlik 1 434 ta daʼvo arizalari kiritdi. Ularning 1387 tasi qanoatlantirildi. Murojaat qilganlar foydasiga 6 milliard 307,2 million soʻmdan ziyod mablagʻ undirib berildi.

Shu oʻrinda bir misol. “Aziya Trans Buxara” MCHJ oʻtgan yili oʻzaro shartnomaga asosan Romitan tuman yoʻllardan foydalanish unitar korxonasiga transport xizmati koʻrsatgan. Ammo buyurtmachi tashkilot xizmati yoqdi-yu, toʻlovi chaqdi, qabilida ish tutadi. Noyabr oyiga qadar muammo hal boʻlmagach, MCHJ rahbariyati viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qiladi. Boshqarma oʻz navbatida ish yuzasidan Romitan tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo arizasi kiritadi. Sudning hal qiluv qaroriga asosan, ariza qanoatlantirildi. Qarzdor Romitan tuman yoʻllardan foydalanish unitar korxonasidan “Aziya Trans Buxara” MCHJ foydasiga 178 million 454,3 ming soʻm undirilishi belgilandi.

Oʻtgan yili viloyat adliya organlariga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan inson huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy-iqtisodiy sohada huquqni qoʻllash amaliyoti, notariat va advokatura faoliyati hamda boshqa masalalarga oid 6624 ta murojaat qilingan. Bu 2018-yildagiga nisbatan ikki baravardan ham koʻp. Ushbu murojaatlarning 1810 tasi adliya boshqarmasi, 4814 tasi tuman (shahar) adliya boʻlimlari tomonidan koʻrib chiqildi.

–Boshqarmamiz oʻtkazilgan oʻrganishlar va murojaatlarni koʻrib chiqish natijalari doirasida qonun buzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan jami 1692 ta taqdimnoma, maʼmuriy javobgarlikka tortish boʻyicha 333 ta taklif va 5 219 ta ogohnoma kiritgan, – deydi viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Anvar Roʻziyev. – Taqdimnomalarga asosan, 477 shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi, jumladan, 28 nafari vazifasidan ozod qilindi. 312 mansabdor shaxsga nisbatan esa maʼmuriy javobgarlik chorasi koʻrildi. Daʼvo arizalariga koʻra, jismoniy va yuridik shaxslarga 14 milliard 435,6 million soʻmdan ziyod pul mablagʻlari toʻlab berilishi taʼminlandi. Umuman, 6624 ta murojaatning 5971 tasi hal etildi. Ulardan 76 foizi qanoatlantirildi. Bundan tashqari, 1416 ta murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirish berilgan, 314 tasi esa vakolat doirasida koʻrib chiqish uchun boshqa idora va tashkilotlarga yuborildi.

Taʼkidlash kerak, viloyat adliya organlariga murojaatlarning katta qismini inson huquqlarini himoya qilish bilan bogʻliq masalalar tashkil qiladi. Ular qonuniylik asosida hal qilinayotir. Lekin oʻrganishlar shuni koʻrsatyaptiki, inson haq-huquqlariga oid muammolar ayrim fuqarolarda huquqiy bilimning yetishmasligi oqibatida yuzaga kelgan. Shuning uchun viloyat adliya idoralari ayni paytda mahallalar va taʼlim muassasalarida olib borayotgan targʻibot loyihalarida ana shu masalaga alohida eʼtibor qaratmoqda.