Buxoro viloyati sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida “Kredit qarzdorligi va ularni sudda ko‘rish bilan bog‘liq muammolar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyatdagi bank filiallarining yuridik xizmat xodimlari va kredit bo‘limi rahbarlari qatnashdi.
Joriy yilning birinchi choragida banklar ishtirokidagi nizolar bo‘yicha sudda jami 907 ta da’vo arizasi bilan murojaat qilingan. Shundan 785 ta da’vo arizasi mazmunan ko‘rilgan. 96 ta da’vo ariza qaytarilgan va 10 tasini qabul qilish rad etilgan. Ko‘rib chiqilgan ishlarning 735 tasi qanoatlantirilgan. 26 ta da’vo arizasini qanoatlantirish rad etilgan. 19 ta da’vo ariza ko‘rmasdan qoldirilgan. 5 ta da’vo ariza bo‘yicha ish yuritish tugatilgan.
– Davra suhbatida tumanlararo iqtisodiy sudlarda banklar ishtirokidagi ishlarni ko‘rishda muammoli holatlar yuzaga kelayotganligi tanqid ostiga olindi, – deydi viloyat sudining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi bosh konsultanti Nurbek Rahimov. – Kamchiliklarning kelib chiqish sabablari o‘rganildi. Muammolarning yechimiga oid takliflar berildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, nizolarni ko‘rish jarayonida banklar tomonidan ajratilgan kreditlar bo‘yicha o‘z vaqtida monitoring ishlari olib borilmayotganligi, shuningdek, muammoli aktivlarni o‘z vaqtida undirish choralari ko‘rilmasligi natijasida, ularning o‘sishiga yo‘l qo‘yib kelinmoqda. Kredit va garov shartnomalarini rasmiylashtirishda bank mas’ul xodimlarining kredit oluvchining yoki garovga qo‘yuvchining huquq layoqati yetarli darajada tekshirilmasligi va natijada nizoli bitimlarning tuzilishiga yo‘l qo‘yilganligi ma’lum bo‘lmoqda. Yuridik xizmatning da’vo-talabnoma ishlarini rasmiylashtirishda asossiz ravishda sug‘urta kompaniyalari solidar javobgar sifatida ko‘rsatilib, sug‘urta kompaniyalarining behuda ovoragarchiliklariga sabab bo‘layotganligi aytib o‘tildi.
Yig‘ilishda barcha bank mas’ullariga aniq topshiriqlar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA