Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda 2022 yilgi mahalliy byudjet tasdiqlandi
10:39 / 2022-01-04

Xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashining navbatdagi sessiyasida “Buxoro viloyatining 2022 yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash to‘g‘risida” gi masala yuzasidan moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Adilov axborot berdi.

2022 yilda Buxoro viloyati byudjet xarajatlarining jami miqdori 3 trillion 346 milliard so‘m, shu jumladan viloyat byudjeti xarajatlari 1 trillion 392 milliard so‘m miqdorida belgilandi. Mahalliy byudjetdagi ijtimoiy xarajatlar 2 trillion 148 milliard so‘mni yoki jami xarajatlarning 64 foizini tashkil etadi.

2022 yilda maktabgacha ta’lim sohasiga 150 milliard so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 125 foizga ko‘proq mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilmoqda. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari asosida ta’mirlanadigan bolalar bog‘chalarini jihozlash tadbirlariga 4 milliard 700 million so‘m, sport jihozlari va anjomlari, oshxona va xo‘jalik mollari, gigiyena vositalari, qurilish materiallari xarid qilishga 5 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Shuningdek, kuz-qish mavsumiga tayyorlash chora-tadbirlari doirasida 82 ta muassasalardagi qo‘l bola pechlar (burjuyka)ni almashtirish va isitish tizimini ta’mirlashga 5 milliard so‘m, 190 ta muassasalarda ta’mirlash ishlari uchun 12 milliard 900 million so‘m, ko‘mir bilan isitiladigan 212 ta ta’lim tashkilotlarini ko‘mir yoqilg‘isi mahsulotlari bilan ta’minlash xarajatlariga 1 milliard 700 million so‘m mablag‘ ajratiladi.

Umumiy o‘rta ta’lim xarajatlariga 330 milliard so‘m mablag‘ ajratish nazarda tutilmoqda. 2022 yil viloyat byudjeti parametrlarida sog‘liqni saqlash sohasiga 1 trillion 111 milliard so‘m va tibbiy-ijtimoiy xizmatlar xarajatlari uchun 61 milliard 700 milliaon so‘m mablag‘ yoki 2021 yilga nisbatan 125 foizga ko‘p miqdorda mablag‘lar ajratiladi.

2022 yilda ham dori-darmon va tibbiyot buyumlarini xarid qilishga ajratiladigan mablag‘larni oshirish siyosati davom ettiriladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, dori-darmon xarajatlari 75 milliard 800 million so‘mni tashkil qiladi. O‘rtacha 650 mingta chaqiruv uchun ajratiladigan dori-darmon xarajatlari 5 milliard 500 million so‘mni tashkil etib, 1 ta chaqiruvga dori-darmon xarajatlari 8 ming 470 so‘mga yetkaziladi. Joriy yilda iqtisodiyot xarajatlariga 477 milliard so‘m ajratish ko‘zda tutilmoqda. Jumladan, viloyatdagi 980 ta uy-joydagi 47 ming nafar aholiga berilgan issiqlik ta’minoti xizmati uchun pasaytirilgan tariflarni qo‘llash natijasida issiqlik ta’minoti korxonalarining yuzaga kelgan zararlarining o‘rnini qoplash uchun 35 milliard so‘m miqdorida subsidiyalar ajratiladi. Ko‘p kvartirali uy-joylarga tutash hududlarni obodonlashtirish xarajatlari uchun 2 milliard 800 million so‘m, aholini issiqlik energiyasi bilan kafolatli ta’minlash maqsadida kommunal xo‘jaligi qozonxona inshootlari va issiqlik tarmoqlarining kuz-qish davrida uzluksiz ishlashi uchun mukammal ta’mirlash xarajatlariga 1 milliard 600 million so‘m ajratiladi.

Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tadbirlari uchun 34 milliard so‘m, ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun 22,7 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi va bu mablag‘lar aholining takliflari asosida yo‘naltiriladi.

Obodonlashtirish ishlariga 2022 yilda 175 milliard so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan. Shundan, shaharlar va tumanlar obodonligini ta’minlash uchun 19 ta maxsus texnika xarid qilishga 9 milliard so‘m mablag‘ sarflanadi.

 

Zarif Komilov, O‘zA