Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoroda 1,7 gektar yerda istirohat bog‘i barpo etiladi
19:23 / 2023-03-06

Buxoro shahridagi sobiq To‘qimachi dehqon bozori o‘rnida istirohat bog‘i quriladi. Ayni paytda bunyodkorlik ishlari boshlab yuborilgan.

Bog‘da “Yashil makon” umummiliy loyihasi doirasida tashkil etilgan daraxt o‘tqazish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda sektorlar rahbarlari, viloyat tashkilot va idoralari mutasaddilari, yoshlar, jamoatchilik vakillari, ekologiya hamda obodonlashtirish sohasi xodimlari qatnashdi.  

Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Botir Zaripov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida bugun mamlakatimizda yuz berayotgan yangilanishlar, ulkan bunyodkorlik ishlari odamlarning kundalik hayotida o‘z aksini topib, eng asosiysi, yurtdoshlarimizning dunyoqarashi, hayotga bo‘lgan munosabati o‘zgarishiga, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi ortishiga xizmat qilayotganligini ta’kidladi. Ayniqsa, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” loyihasi hozirda keng quloch yozib, umummilliy harakatga aylanganini, Buxoroda ham bu borada yangi tashabbuslar ilgari surilayotganini aytdi.  

Bog‘ uchun 1,7 gektar yer ajratilgan bo‘lib, bu yerda butazor va tabiiy o‘tloqli maydon, veloyo‘lak va piyodalar yo‘lakchasi, sport maydoni barpo etiladi. Umuman, tashrif buyuruvchilarning ehtiyojlaridan kelib chiqib zarur infratuzilma yaratiladi. Puxta o‘ylangan dizaynga ega istirohat bog‘i bir tarafdan sayyohlar uchun muhim joyga, ikkinchi tomondan shahar brendining bir qismiga aylanadi.  

Joriy bahorgi mavsumda ham ushbu loyiha doirasidagi ishlarni yanada izchil davom ettirgan holda manzarali va mevali daraxt ko‘chatlarini, butalarni ekib, viloyatimizda yashil hududlarni yanada ko‘paytirish maqsad qilinganligi ta’kidlandi.  

Shundan so‘ng xalqimizning qadimiy urf-odatlariga binoan, Qur’on tilovat qilinib, yaratgandan yaxshi niyatlarning ijobati so‘raldi va daraxt ekish ishlariga kirishildi. 

 –Xalqimizda “Yaxshidan bog‘ qoladi” degan azaliy naql bor, – deydi viloyat bosh imom xatibi Jobirjon Elov. – Bu hikmat ayni kunda yangicha mazmun va mohiyat kasb etgan. Bunday ezgu va xayrli ishda har birimiz ishtirok etib, o‘z hissamizni qo‘shishimiz mumkin. Qolaversa, “Ko‘chat ekib, bog‘ yarat”, “Birni kessang o‘nni ek” hikmatlari ham bejiz aytilmagan. Oilada farzand dunyoga kelsa, unga atab nihol ekilgan. Shu bois, yurt obodligi shu kabi ezgu amallardan boshlanib, har bir ko‘ngilga fayz beradi, yashashimiz mazmunini belgilaydi  

Shu kuni tadbir doirasida 300 tupdan ortiq manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.  

Viloyat rahbari  istirohat bog‘i qurilishi loyihasi bilan tanishdi. Uni aholining talab va istaklariga uyg‘un holda barpo etish, o‘yin maydonchalari, mini-kafe, favvora, maysazorlar va o‘tirib dam oladigan joylar dizaynigacha e’tibor qaratish, sug‘orish tarmoqlari bilan ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.  

Zarif Komilov, O‘zA