Buxoroda Davlat rahbari tomonidan turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlar va berilgan imtiyozlardan samarali foydalanish choralari ko‘rilmoqda . Natijada 2020 yilning yanvar-dekabr oylarida 6 ta yangi turistik kompaniyalar ro‘yxatga olingan.
Ularning soni 2016 yilga nisbatan 3,8 barobarga ortib, jami 121 taga yetgan. 793 o‘rinli 12 ta yangi mehmonxonalar 147 o‘ringa mo‘ljallangan 17 ta mehmon uylari foydalanishga topshirilgan.
139 ta yangi ob’ektlarishga tushirilgan. 1 ming 570 ta o‘ringa mo‘ljallangan 12 ta zamonaviy restoran, 4 ta yo‘l bo‘yi turizm infratuzilma ob’ektlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ziyorat turizmi ob’ektlari soni 27 taga yetkazilgan. 37 ta turistik avtotransport vositalari keltirilgan. Ularning soni 2016 yilga nisbatan 15,6 baravarga ko‘paygan. Jami soni 281 tani tashkil etmoqda.
Hunarmandchilik sohasida turistlar tashrifi uchun 14 ta hunarmandchilik markazlari faoliyat olib bormoqda. Buxoroning qadimiy qog‘ozini tayyorlash va minatyura san’atini namoyish etuvchi “Usta Davron” va “Usta Davlat” hunarmandchilik markazlari hamda “Mag‘oki Ko‘rpa” masjidi binosida turkiyalik investorlar tomonidan “Bukhara Nice Carpet” nomli qo‘lda gilam to‘qish markazi ochildi. Hunarmand usta Sabina Burxanova tomonidan “Zargarlik markazi”, “Zarkon” korxonasi “Zardo‘zlik markazi”, Buxoro tumanida hunarmand usta Akmal Muhitdinov tomonidan “Yog‘och o‘ymakorlik” markazi qurib bitkazilmoqda.
Ayni paytda hunarmandlar jami soni 11 ming 836 taga yetib, keyingi uch yilda 9 ming 582 taga ortdi.
Viloyat turizm infratuzilmasini yanada rivojlantirish maqsadida belgilangan dasturlarga muvofiq yana 150 dan ortiq loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Buxoroning islom dini va musulmon dunyosi rivojidagi beqiyos o‘rni, ahamiyati va ziyorat turizmi bo‘yicha katta salohiyatini e’tiborga olib, 2020 yilda Islom hamkorlik tashkilotining “Fan, ta’lim va madaniyat” (ISESCO) tuzilmasi tomonidan Buxoro “Islom olami madaniyati poytaxti” deb e’lon qilindi.
Shu munosabat bilan, Naqshbandiya tariqati asoschi va namoyandalari Abduxoliq G‘ijduvoniy tavalludining 915 yilligi, Bahouddin Naqshband tavalludining 700 yilligiga bag‘ishlangan onlayn ilmiy konferensiya va uchrashuvlar o‘tkazildi.
-Shu bilan birga, turizm sohasini rivojlantirishda hali ham mavjud imkoniyatlardan samarali foydalana olmayapmiz,- deydi viloyat rahbari Botir Zaripov o‘z murojaatida. - Ayniqsa, mintaqamiz ziyorat turizmi salohiyati haqida Din qo‘mitasi viloyat vakilligi, Musulmonlar idorasi, Mir Arab madrasasi ilmiy mulozimlari, BuxDU professor va o‘qituvchilari tomonidan musulmon davlatlaridagi hamkasblari bilan video konferensiyalar o‘tkazish tashabbuslarini kuchaytirish talab etilmoqda. Shuningdek, Indoneziya, Malayziya, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Eron davlatlari, Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisini Buxoroga ziyorat turizmiga jalb qilishga doir amaliy ishlarni tashkil etish lozim.
Pandemiya sababli muzeylarda sayyohlar oqimi keskin kamaydi. Biroq “Ark” o‘lkashunoslik muzeyi, Tasviriy san’at muzeyi, Moxi Xossa muzey kompleksi eksponatlari va yangi ekspozitsiyalari haqida vertual sayohatlar tashkil etish, internet tarmoqlari va xorijiy nashrlarda muntazam ravishda axborot va yangiliklar joylashtirib borish ishlari ham talab darajasida emas.
Zarif Komilov, O‘zA