Mamlakatimizda tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.
Bu borada “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosidagi chora-tadbirlar ham muhim ahamiyat kasb etayotir.
Buxoro viloyati davlat soliq xizmati boshqarmasi xodimlari ham mazkur tamoyil asosida tadbirkorlar bilan bevosita muloqotga kirishib, mavjud muammolarni o‘rganish va hal etishga alohida e’tibor qaratmoqda. Ijtimoiy tarmoqdagi telegram kanalida “Soliqchi-ko'makchi Buxoro DSB” guruhining tashkil etilgani bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirdi.
bugungi kunda mazkur telegram kanali orqali bir kunda 20 dan ortiq tadbirkorlarning muammolari davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan tezkorlik bilan ko‘rib chiqilib, ijobiy hal etilmoqda. Kanalga kelib tushgan murojaatlarga tezkorlik bilan javob qaytarish uchun viloyat davlat soliq boshqarmasi rahbariyatidan tortib uning barcha bo‘lim boshliqlari hamda hududiy davlat soliq organlari rahbarlari mas’ul qilib biriktirilgan.
Bundan tashqari, joylarda tashkil etilgan “Tadbirkorlar markazi” orqali ham ishbilarmonlarni qiynayotgan masalalar davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan tezkorlik bilan hal etilmoqda.
– Birgina joriy yilning mart-aprel oylarida ushbu markazlar orqali viloyatda 300 dan ortiq tadbirkorlarga bepul xizmat ko‘rsatildi, –deydi Buxoro viloyati DSB boshlig‘i Maqsud Mamatxanov. – Jumladan, viloyatda “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida amalga oshirilgan faoliyat natijasida joriy yilning aprel oyida 62 ta korxonaning hisob raqamiga 23 milliard so‘mlik qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarib berildi.
Ko‘rilgan choralar natijasida faoliyat yuritmayotgan 120 dan ortiq korxona o‘z faoliyatini tikladi. 2 ming 500 ga yaqin norasmiy ish o‘rinlari legallashtirildi. 480 ta holatda tadbirkorlik sub’ektlarining hisobotlaridagi xato va kamchiliklari soliq organlari bilan hamkorlikda tuzatildi. Bo‘sh turgan 53 ta ob’ekt faoliyatini tiklashi natijasida 67 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Buxoroda jami 12 ming 472 ta “Onlayn” nazorat kassa mashinalaridan foydalanayotgan tadbirkorlar mavjud. Birgina aprel oyining o‘zida ularning soni 388 ta dan oshdi.
Zarif Komilov, O‘zA