Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 271-sonli “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 42 ta korxona ta’minotchi sifatida tanlab olingan.
–2022-2023 o‘quv yilida viloyatdagi umumta’lim maktablarida ta’lim olishi kutilayotgan 326 ming 526 nafar o‘quvchining oilaviy holati o‘rganib chiqildi, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Mustafoyeva.

– Shundan 10 ming 932 nafar kam ta’minlangan, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Temir daftari” ga kiritilgan oila farzandlari uchun maktab formalari mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan ta’minlanadi.
Ayni paytda joylarda ta’minotchi korxonalar tomonidan “Maktab liboslari yarmarkalari” tashkil etilmoqda. Ana shunday yarmarkalardan biri Buxoro shahridagi 1- hamda Kogon shahridagi 9-umumta’lim maktablarida tashkil etildi.

Bunda belgilangan davlat standartlari asosida tayyorlangan liboslar namoyish etildi. Bejirim ko‘rinish, yuqori sifat va hamyonbop narxga ega bo‘lgan liboslar shu kuniyoq o‘z egalarini topdi.
Zarif Komilov, O‘zA