Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoro xalqaro aeroportida o‘tkazilgan press-tur Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlandi
07:48 / 2021-02-14

Bu zaminga aviatsiya sohasining tamal toshi qo‘yilganiga salkam bir asr bo‘ladi. «Buxoro xalqaro aeroporti» MCHJ muzeyidagi hujjatlarda o‘tgan asrning ayni 1923 yillarida ilk aviasanoat poydevori qurilgani haqida ma’lumotlar keltirilgan.

«Uzbekistan Airports» – O‘zbekiston aeroportlari aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan press-tur aeroportning shu kabi tarixini o‘rganishdan boshlandi. Devordagi suratlar o‘nlab mahalliy OAV xodimlari, blogerlar nigohida soha taraqqiyotini o‘z hayoti bilan bog‘lagan, mashaqqatli mehnatini muvaffaqiyatlarga ulagan shaxslar qiyofasini gavdalantira oldi. MDH mamlakatlari aeroportlari orasida bir emas, 11 marotaba “Eng yaxshi aeroport” tanlovi shohsupasida g‘olib bo‘lishdek baxt mana shu havo darvozasiga nasib qilgani muzey qator terilgan sovrinlardan ma’lum. Turli rusumdagi samolyotlar, hali bugungidek bunyod etilmagan aerodromu aeroport hududidagi inshootlarning maketlari, uchuvchi, xizmat xodimlarining maxsus kiyim boshlari, ramziy belgilarning barchasi diqqat bilan ko‘zdan kechirildi.

Jurnalist ahlini har narsa bilan qoyil qoldirish qiyin. Ularga doim yangilik, dolzarblik, tezkorlik muhim. Kun tartibidagi yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan yangi VIP, CIP o‘tish joylari haqiqiy ma’noda ijodkorlarning e’tiborini torta oldi, deyish mumkin. Bu yerdagi sharoit, qulayliklar, zamonaviy, shu bilan birga, milliylikni o‘zida jo qilgan Buxoro yog‘och o‘ymakorligi, hunarmandchiligi namunalari asosida bezatilgan maxsus xonalar dunyo aviatsiyasining eng so‘nggi talablariga javob bera oladi. Bino tashqarisi ya’ni, hovlida o‘rnatilgan soyabonli o‘rindiqlar (besedkalar) ham inshoot bilan hamohanglikda bir butun ansamblni hosil qilgan.

Buxoro xalqaro aeroporti terminaliga kirib kelinar ekan, tadbir ishtirokchilariga bino peshtoqiga o‘rnatilgan «Uzbekistan Airports» AJ ramzi (logotipi) va lotin tilidagi Buxoro xalqaro aeroporti yozuvlariga izoh berib o‘tildi. Davlatimiz rahbarining (27.11.18y. PF-5584-sonli) “O‘zbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni asosida faoliyat boshlagan bu tashkilot o‘z tasarrufiga respublikamizdagi 11 ta xalqaro aeroportlarni birlashtirib, ular ishini muvofiqlashtiradi.

Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, «Uzbekistan Airports» AJ Boshqaruv raisining davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi Alisher Abdurazzoqov ham o‘ziga yuklangan vazifa ustida tinimsiz ish olib bormoqda. Natija esa kutilgandek – hamma aeroportlardagi yozuv, atamalarni o‘zbekchalashtirib, davlat tilida ish yuritilishiga erishilyapti.

«Uzbekistan Airports» o‘tgan oyda Xalqaro aeroportlar kengashiga a’zo bo‘ldi. Chet el aviakompaniyalar bilan yangi parvozlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida muzokaralar olib borilyapti. Belarus, BAA, Misr, Turkiya singari davlatlar bilan muntazam parvozlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi pandemiya sharoitida aeroportlar xorijiy davlatlardan fuqarolarni keltirish va olib ketishga mo‘ljallangan charter reyslargagina xizmat qilayotgan bo‘lsa ham, bu inshootlar o‘ziga yuklatilgan O‘zbekistonni dunyo bilan bog‘lashdek vazifani sidqidildan bajarmoqda. Ishtirokchilar terminal ichidagi tartib, xizmat ko‘rsatish qoidalari, tibbiyot xonalari, namozxona, hatto, hojatxonalardagi sharoitlar bilan tanishtirildi. COVID-19 infeksiyasiga qadar gavjum, tirband, shovqindan qomatga kelgan bu joylar hozir go‘yo navbatdagi qaynoq hayotga nafas rostlab, tin olayotgandek.

Press-turning maqsadiga erishish rejada belgilangandan ko‘ra samaraliroq bo‘ldi. Negaki, OAV vakillari va erkin ijodkorlar aeroportdagi sayohatdan ko‘ngillari to‘lganini, yaqin orada bu qadar ta’sirlanmaganliklarini ochiq izhor qilishdi. Mamnunliklarini yashirishmadi, xayollaridan o‘tgan fikrlar, ko‘ngillariga ko‘chdi, undan keyin esa, oq qog‘ozni qoraladi. Faoliyat olib borayotgan TV, radio, gazeta, internet saytlarida e’lon qilingan materiallar bunga dalil bo‘ldi.

Aeroport ishchi-xodimlarining ijodkorligi, san’atga oshno mahoratlari ulug‘ mutafakkir va davlat arbobi Mir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan tashkil qilingan Navoiyxonlik anjumanida yana bir karra namoyon bo‘ldi. «So‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy ijodi – milliy xazinamiz» mavzuida o‘tgan tadbirda dastavval tilshunos, adabiyotshunos olimlar, ma’naviyatchilar ma’ruzalar qilishdi. Bir olam taassurotlar bilan Navoiyxonlik kechasiga navbat berildi. Mutaxassislarning buyuk ajdodimiz qoldirgan ma’naviy va ilmiy merosining ahamiyatiga molik fikrlari tinglandi. Teatr aktyorlari va aeroport yoshlari ishtirokidagi sahna ko‘rinishlari, g‘azalxonlik tadbirga fayz bag‘ishladi. O‘zbekiston aeroportlari faoliyatida an’anaga aylanib borayotgan bunday OAV vakillari uchun tashkil qilinayotgan media turlar sohani ijod ahli bilan yanada yaqinlashtiradi. Ko‘plab savollarga oydinlik kiritadi, ochiqlik siyosatiga daxldorlikni anglatadi. 2020 yilning 25 dekabrida Samarqand xalqaro aeroportida o‘tgan press tur ham sohadagi yangiliklarni ommaga tezkor yetkazish, faoliyatda oshkoralikni ta’minlashga xizmat qildi.

La’lixon SOBIROVA,

«Uzbekistan Airports» AJ matbuot kotibi