Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
15:45 / 2025-09-22

Bugungi kunda yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash masalasi har qachongidan ham dolzarbdir.

Buxoro viloyati Olot tumani “Xalifa” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Kulollar ko‘chasida joylashgan “Xalifa Jome” masjidi yaqinidagi yo‘lning keskin burilish nuqtasida zamonaviy qavariq yo‘l oynasi o‘rnatildi. Bu oynaning o‘rnatilishi natijasida ushbu xavfli burilishda harakatlanayotgan haydovchilar qarama-qarshi tomondan kelayotgan transport vositalarini oldindan ko‘rish imkoniga ega bo‘ladi.

Shuni alohida ta’kidlash joiz, bu loyiha faqat bir hudud bilan cheklanib qolmaydi. Rejaga ko‘ra, tumanning boshqa xavfli burilish, ko‘rinish cheklangan kesishmalarida ham shunday qavariq yo‘l oynalarini o‘rnatish ishlari bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi. 

***

Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, xalq deputatlari G‘ijduvon tumani Kengashi faoliyati o‘rganildi.

O‘rganish davomida tuman Kengashi faoliyatining namunaviy tashkil etilishi bo‘yicha zarur shart-sharoitlarning yaratilganligi hamda moddiy-texnik bazasi holati Oliy Majlisi Senati tomonidan belgilangan mezonlar asosida har tomonlama tahlil qilindi.

Shuningdek, Xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi Jamol Ashurovning aholiga oid tematik uchrashuvlari rejasi doirasida G‘ijduvon tumani Kengashi huzuridagi Yoshlar maslahat guruhi a’zolari hamda faol yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot tashkil etildi.

Tadbirda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, davlatimiz rahbariyati tomonidan ilgari surilayotgan “Yoshlar siyosati”dagi ustuvor yo‘nalishlar haqida atroflicha so‘z yuritildi.

***

Buxoroda 20 sentyabr – Butunjahon tozalik kuni munosabati bilan “Hayot uchun joy ajrating” shiori ostida  “Somoniylar” istirohat bog‘ida ekologik aksiya o‘tkazildi.

Aksiya doirasida viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan istirohat bog‘ chiqindilardan tozalandi. Unda Oliy ta’lim muassasasi talabalari, Buxoro viloyati Yosh ekologlar harakati a’zolari,  “Maxsusavtoxo‘jalik” MCHJ  va tizim tashkilotlari ishtirok etdi.

Musobaqa tarzida o‘tkazilgan “Plogging” loyihasi doirasida ishtirokchilar uchta guruhga bo‘linib, 500 kilogrammdan ortiq chiqindilarni yig‘di. Faol ishtirok etgan guruhlarga esdalik sovg‘alar va tashakkurnoma topshirildi.

***

Samarqandlik maktab direktorlari o‘zaro tajriba almashish maqsadida Buxoroda bo‘ldi. Mehmonlar al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabining Buxoro filialida bo‘ldi. Ular bu yerda yaratib berilgan zamonaviy va munosib shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, mehmonlar Qorako‘l ixtisoslashtirilgan maktab-internatida ham bo‘ldi. 

Ustozlar ta’lim sifatini yanada oshirishga qaratilgan tajribalar, o‘ziga xos yondashuvlar va amaliy loyihalar bo‘yicha o‘zaro fikr va takliflar bilan qatnashdi. Jarayonda Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Hamza Elliyev ishtirok etdi. Bunday uchrashuvlar ta’lim sifatini oshirish, mas’ullar faoliyatini muvofiqlashtirish va tizimdagi mavjud muammolarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

***

Tabiiy gazdan to‘g‘ri foydalanishni ta’minlash va noqonuniy holatlarning oldini olish maqsadida viloyatda gaz ta’minoti xodimlari tomonidan tushuntirishlar hamda reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda. 

“Hududgaz Buxoro” filiali va hududiy bo‘limlar, komplayens nazorat tuzilmalari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda keng qamrovli reydlar chog‘ida Shofirkon tumani “Qalmaqon” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan xususiy klinikada gaz quvuriga rezina shlang orqali yashirin ulanish holati aniqlangan. Tegishli holat bo‘yicha bayonnoma tuzilib, qayta hisob-kitob olib borildi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, gaz ta’minoti korxonasiga 255 million 499 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgani aniqlandi. Holat bo‘yicha barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga topshirildi.

Zarif Komilov, O‘zA