Buxoro viloyati musiqali drama teatriga kelayotgan tomoshabinlar kuy-qo‘shiqlar bilan qarshi olindi. Bu yilgi 95-mavsum O‘lmas Umarbekov asari asosida sahnalashtirilgan “Qiyomat qarz” asari bilan ochildi. Shu munosabati bilan Buxoro viloyati Madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Sh.Tilavov, Buxoro viloyat musiqali drama teatri direktori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Y.Genjayev so‘z olib, teatrning bugungi kundagi yutuqlari, yangi sahnalashtirilayotgan asarlar haqida gapirib, teatr muxlislarini yangi mavsum bilan qutladi.
Bosh qahramon Sulaymon ota obrazini Baxtiyor Najmiddinov ijro etdi. Tomoshabinlar spektakldan so‘ng asarni sahnalashtirgan rejissyor B.Akobirov va barcha artistlarga o‘z minnatdorliklarini izhor qildi.


***
Buxoro viloyati Shofirkon tumani markazidan 110 kilometr uzoqlikda, Qizilqum kengliklari bag‘ridagi ushbu hududda 250 nafardan ortiq aholi istiqomat qilmoqda. Bugun ular o‘z maishiy ehtiyojlari uchun gaz ballonlari “Shofirkontumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari tomonidan yetkazib berilmoqda.

– Ta’kidlash lozim, hududdagi ijtimoiy ob’ektlar ham, jumladan, maktabgacha ta’lim tashkiloti o‘z ehtiyojlari uchun maishiy gaz ballonidan foydalanadi. “Shofirkontumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan suyultirilgan gaz iste’molchilariga bugunga qadar umumiy hisobda 2197 tonnadan ortiq suyultirilgan gaz yetkazildi. Jumladan, Churuq ovuliga ham joriy yilning dastlabki oyidan to bugunga qadar xonadon egalariga 7,68 tonnadan ortiq suyultirilgan gaz tarqatildi, – deydi gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Bobirjon Mamedov.
Gaz ballonlarini tarqatish davomida bevosita aholi bilan olib borilgan suhbatlar chog‘ida tizim xodimlarining faoliyati hamda muammolar o‘rganildi. Shuningdek, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida gazdan to‘g‘ri foydalanish borasida tushuntirish ishlari ham olib borilmoqda.

***
Buxoro viloyati Shofirkon tumani “Qayrag‘och” mahallasida 6 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Mahallada 114 ta “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan bo‘lsa, 157 nafar fuqaro “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan. 116 nafarini esa nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil etadi. Ushbu mahallada ijtimoiy xodim Zulhumor Saidova faoliyat olib bormoqda.

Mahallada ehtiyojmand fuqarolardan biri Maysara Temirova oilasi ijtimoiy xodimi Zulhumor Saidova tomonidan o‘rganildi va o‘z vaqtida ko‘mak berildi. Maysara Temirovaga tibbiy yordam ko‘rsatildi, uning fuqarolik pasporti tiklab berildi. Shuningdek, qiziqishidan kelib chiqib, “Kasbiy ko‘nikmalar markazi”da tikuvchilik yo‘nalishida tahsil oldi.
Bugungi kunda u tikuvchilik sexida ishga joylashtirildi, uyida ham buyurtmalar qabul qilib, o‘z mehnati bilan daromad topmoqda. Bundan tashqari, yashab turgan uyining ijara to‘lovi ham “Ayollar daftari” mablag‘lari hisobidan qoplab berildi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.