Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
18:40 / 2025-08-12

“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tasarrufidagi hamda xususiy gaz to‘ldirish shoxobchalarida gaz ballonida hosil bo‘lgan og‘ir qoldiqlarni to‘kish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

– 2025 yilning ilk oyidan boshlab to bugunga qadar 609 796 dona maishiy gaz ballonlaridan 61 ming tonnadan ortiq og‘ir qoldiq to‘kib olindi. Xususan, Qorako‘l tumanida joylashgan gaz to‘ldirish shoxobchasida ham bu kabi amaliy ishlar bajarilmoqda. Bugunga qadar 165 mingdan ortiq gaz balloni qabul qilinib, ularning 126 985 tasi og‘ir qoldiqdan tozalangan. Shuningdek, xodimlar tomonidan gaz ballonlarini yetkazib berish jarayonida hosil bo‘luvchi og‘ir qoldiqni o‘zboshimchalik bilan to‘kish mumkin emasligi, uni to‘kib oluvchi maxsus joylar va uskunalar borligi fuqarolarga tushuntirilmoqda, – deydi Gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Aziz Rasulov. 

* * *

Buxoroda yoqilg‘i-energiya resurslaridan behuda foydalanish bilan bog‘liq holatlarni aniqlashga qaratilgan nazorat tadbirlari davom etmoqda. Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida Buxoro viloyatida 120 ta holatda energiya resurslarini behuda sarflash holatlari aniqlanib, aybdorlarga nisbatan ma’muriy ishlar ko‘rilgan. 

Misol uchun, Buxoro shahridagi “F.Ya.” MCHJga qarashli 0,15 kVt quvvatdagi elektr energiyasidan kunning yorug‘ vaqtida foydalanish holati aniqlanib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. Shuningdek, shaharning Havzi Nav mahallasida joylashgan to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxona 1,98 milliard so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Surishtiruvlarga ko‘ra, qishda ushbu mahalla aholisi gaz pastligidan aziyat chekadi. Ammo, ushbu korxona yil o‘n ikki oy davomida gazdan maksimal bosimda foydalanib kelgan. Ayni vaqtda korxona egalariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri