Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
19:08 / 2025-07-31

Buxoroda Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya ko‘rigi bo‘lib o‘tdi. Ushbu muhim jarayon doirasida maktabgacha yoshdagi hamda maktabga qadam tashlayotgan bolalarning individual rivojlanish holati, ehtiyojlari va imkoniyatlari atroflicha o‘rganilmoqda.

Ko‘rik davomida ota-onalar va ularning farzandlari uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Bolalar bilan maxsus psixolog, defektolog va boshqa mutaxassislarning suhbat o‘tkazishi bolalarda mavjud bo‘lgan turli psixologik yoki rivojlanishdagi cheklovlarni aniqlash, shuningdek, ularga mos ta’lim yo‘nalishini belgilashga xizmat qiladi.

Ko‘rikning asosiy maqsadi har bir bola o‘z imkoniyatiga mos, qulay va sifatli ta’lim muassasasiga yo‘naltirilishini ta’minlashdir. Shu orqali inklyuziv ta’limning kengayishi, maxsus pedagogik yondashuvlar samaradorligining oshishi va ota-onalarning ta’limga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanadi.

Bu kabi komissiya ko‘riklari tizimli ravishda tashkil etilib, ta’limda barqarorlik va adolat tamoyillarining amalda ro‘yobga chiqishiga zamin yaratadi. Ko‘rikdan o‘tish uchun 400 nafardan ortiq fuqarolardan arizalar qabul qilingan.

* * *

Yurtimizda chorvachilikni rivojlantirish, go‘sht va sut mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni qondirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Ana shunday sa’y-harakatlar natijasida joylarda xususiy chorvachilik xo‘jaliklari soni tobora ortib bormoqda.

Buxoro viloyati Olot tumanidagi “Xidreyli” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan “Murodbek Ergashov” chorvachilikka ixtisoslashgan. Tadbirkor Nozima Jo‘rayeva 2019 yil 100 million so‘mlik imtiyozli kredit asosida o‘z faoliyatni boshlagan. Hozirda xo‘jalikda 40 boshdan ortiq nasldor “Qizil cho‘l” va “Simmental” zotiga mansub qoramollar parvarishlanmoqda.

Mahalliy bozorlarga yillik hisobda 60 tonnadan ortiq sut, 50 tonna go‘sht yetkazib bermoqda. Hozirgi kunda xo‘jalikda parvarishlanayotgan bir bosh nasldor tananing narxi 100 million so‘mni tashkil qilmoqda.

Xo‘jalik ixtiyorida 6 gektar yer ozuqa yetishtirish uchun ajratilgan bo‘lib, bu chorva uchun to‘laqonli yem-xashak bazasini yaratish imkonini bermoqda. Ayni paytda bu yerda ikki nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan.

Xo‘jalik faoliyati nafaqat oilaviy daromad manbai, balki mahalliy aholi bandligiga va tumanda go‘sht va sut mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni qondirishga ham o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

* * *

Majburiy ijro byurosi Buxoro viloyati boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan banklar foydasiga ijro hujjatlarining ijrosini ta’minlash yuzasidan bir qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davrida ish yurituvdagi banklar foydasiga undiruvlar bilan bog‘liq jami 606,9 milliard so‘mlik 6 973 ta ijro hujjati bo‘yicha ijro harakatlari olib borildi. Natijada, 471,8 milliard so‘mlik 5 920 ta ijro hujjati ijrosi ta’minlandi. 4 400 ta ijro hujjati bo‘yicha 184,1 milliard so‘m miqdoridagi qarzdorlik amalda undirildi. Shuningdek, umumiy qiymati 125 milliard so‘mni tashkil etuvchi 207 ta garovga qo‘yilgan mulklar auksion savdosiga chiqarildi. Savdolar natijasida 78 ta mulk sotilib, 13,4 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘lar banklar foydasiga o‘tkazib berildi.

Masalan, G‘ijduvon tumanlararo iqtisodiy sudining ijro hujjatiga asosan qarzdorlar “G‘.Sh.S.” hamda “Sh.O.B.” MCHJlardan 1,5 milliard so‘m miqdoridagi qarzdorlik undiruvchi ATB “Agrobank” foydasiga amalda undirildi va mazkur ijro ishi to‘liq yakunlandi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.