Buxoro viloyati Olot tumanida “Bir nuroniy – o‘n yoshga mas’ul” tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad mahallalarda yoshlarga keksa avlod vakillarining hayotiy tajribasidan keng foydalanish, ularning ijtimoiy faolligini oshirishdir.
Tanlovda 35 nafar faol nuroniylar ishtirok etdi. Har bir nuroniy o‘z mahallasidagi yoshlarga yetkazayotgan ijobiy ta’siri, ularning ma’naviy-axloqiy tarbiyasiga qo‘shgan hissasi, yurtdoshlar orasidagi e’tibori bilan baholandi.

Hay’at a’zolari xulosasiga ko‘ra, 1-o‘rin “Dilkor” mahalla fuqarolar yig‘inidan Chori Qurbonovga nasib etdi. Shuningdek, 2-o‘ringa “Jayxunobod” mahalla fuqarolar yig‘inidan Anvar Adilov loyiq deb topildi. 3-o‘rinni “O‘zbekiston” mahalla fuqarolar yig‘inidan Zulhumor Qulliyeva qo‘lga kiritib viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi.
Tanlov g‘oliblari diplom va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

***
“Deputat mahallada” loyihasi doirasida Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kogon tumani kengashi deputati Gulmera Karimova hudud fuqarolari bilan uchrashib muammolarga yechim topishga harakat qildi.
Loyiha doirasida “Tutkunda” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabi bitiruvchi yoshlari bilan uchrashib, kelajakda mustaqil hayotga qadam qo‘yishlari, oliy o‘quv yurtlariga yo‘naltirib kasb-hunarlarni egallashlari uchun yaratilgan imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanish borasida o‘zining takliflarini berdi.

– Deputat ishonch va mas’uliyatni vijdonan ado etsa, uning xalq va Vatan oldida yuzi yorug‘ bo‘ladi. Mahallalarda istiqomat qiladigan kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bor, yoshlar, ayollar, fuqarolarning bandligini ta’minlash, ko‘p bolali oilalar, doimiy daromadga ega bo‘lmagan, boquvchisini yo‘qotgan oilalarning holidan xabar olish, ularning murojaatlarini tinglash maqsadida tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. Endilikda mahalliy Kengash deputatlari hududlarda davlat bog‘cha va maktablarni tashkil etish, atmosfera havosiga ta’sir etuvchi korxonalarni qurish, chiqindi ko‘miladigan joylarni aniqlash va yo‘lovchi hamda yuk tashish tariflarini belgilash kabi qator jarayonlarda faollik ko‘rsatadi, – deydi deputat Gulmera Karimova.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.