“O‘zenergoinspeksiya” Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirida “M.N.P.S.” MCHJga qarashli AYOQSHda sotilayotgan AI-95 markali avtobenzindan namunalar olinib, laboratoriyada tahlil qilinganda davlat standart talablariga mos kelmasligi aniqlandi.
Ushbu holat yuzasidan, O‘zbekiston Respublikasining 940-sonli Qonunining 43-moddasiga asosan realizatsiya qilingan tovar qiymatining 50 foizi miqdorida jami 63 million so‘m miqdorida iqtisodiy sanksiya qo‘llanildi.
Aniqlangan qoldiq saqlanayotgan sifatsiz mahsulotlarni sotuvga chiqarmaslik va sifatini qayta tiklash lozimligi bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
***
Buxoro shahridagi “Nizom Ganjaviy” mahalla fuqarolar yig‘ini, Hamza ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uyda yong‘in yuzaga kelgani haqida Favqulodda vaziyatlar xizmatiga xabar kelib tushdi.

Zudlik bilan uchta yong‘in-qutqaruv avtoekipaj voqea joyiga yetib bordi va olib borilgan tezkor harakatlar natijasida soat 16:14 da yong‘in to‘liq o‘chirildi. Yong‘innning kelib chiqish sababi elektr simlarning qisqa tutashuvi ekanligi aniqlandi.

Eng muhimi, yong‘in qutqaruvchilari tomonidan 9 nafar fuqaro xavfsiz joyga evakuatsiya qilindi. Hozirda ularning ahvoli yaxshi, tan jarohati olganlar yo‘q.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.