Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
16:05 / 2025-07-25

Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining “Olot” chegara bojxona posti orqali ikki holatda belgilangan me’yorlardan ortiq miqdorda naqd xorijiy valyutani olib chiqishga urinishlar bojxona xodimlari tomonidan fosh etildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘lovchilar og‘zaki so‘rovda ortiqcha valyutaga ega emasliklarini bildirgan bo‘lsalar-da, shaxsiy ko‘rik davomida yashirilgan 11 600 AQSH dollari aniqlanib, noqonuniy olib chiqishning oldi olindi.

Ma’lumot uchun, jismoniy shaxslarga ekvivalenti 100 000 000 (yuz million) so‘mgacha bo‘lgan naqd valyutani ixtiyoriy tarzda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatib, olib chiqishga ruxsat etiladi. Bu me’yordan ortiq mablag‘lar uchun esa tegishli ruxsatnomalar talab etiladi.

***

Sanoat xavfsizligi qoidalariga rioya etilish bo‘yicha yoqilg‘i quyish, saqlash va tarqatish inshootlari faoliyati o‘rganilmoqda.

“O‘zenergoinspeksiya” Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi va Respublika ishchi guruhi bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga asosan viloyatdagi mavjud yoqilg‘i quyish, saqlash va tarqatish inshootlari hamda chakana savdo shoxobchalari xatlovdan o‘tkazilmoqda.

Xususan, Buxoro va Kogon shaharlarida xizmat ko‘rsatib kelayotgan “Kogon-Meros”, “Mirzo” xususiy korxonalari hamda “Baxtli Sherzod” MCHJga qarashli “Buxoro gaz to‘ldirish stansiyasi”ning muhofaza hududidagi mavjud bino va inshootlarning tasdiqlangan bosh rejasi hamda shaharsozlik norma va qoidalariga rioya etilgan holda joylashgani, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar hamda litsenziya talablariga rioya etilishi o‘rganildi.

***

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida yirik miqdordagi noqonuniy holat aniqlandi.

Fuqaro R.Sh. tomonidan “Dilkusho” mahallasi hududida joylashgan xonadonda novvoyxona tashkil etilgani va u yerda tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz hamda elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanib, jami 493 million so‘mlik energiya resurslaridan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.