Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi mas’ullari tomonidan “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimidan samarali foydalanib kelayotgan korxonalarda, jumladan, “Mebel Progress Service” MCHJ bojxona hududida qayta ishlash rejimining eksportdagi ahamiyati va imkoniyatlari yuzasidan sayyor o‘rganishlar o‘tkazildi.
Korxona tomonidan 2024 yil davomida qiymati 1,3 million AQSH dollariga teng, jami 992 tonna metall truba, plastik buyumlar va metall bo‘yoqlar bojxona hududida qayta ishlash rejimida rasmiylashtirilgan. Shu davrda esa qiymati 1,4 million AQSH dollariga teng, jami 525 tonna qayta ishlash mahsuloti bo‘lgan metall stul karkaslari tovarlari eksport bojxona rejimida rasmiylashtirilgani qayd etildi.
Muloqotda bojxona organi vakillari tadbirkorga bojxona rasmiylashtiruvi va eksport jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni oldindan bartaraf etish maqsadida doimiy hamkorlik va muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.

***
Buxoro viloyati Qorako‘l tumani dehqonlari o‘zlarining tilni yorar qovunlari, mazali tarvuzlari bilan viloyatda nom chiqargan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Jumladan, Oqoltin mahallasida yashovchi Navro‘zoy Rizayeva hozirda 10 sotix maydonda tarvuz yetishtirib, ko‘pchilikni nazariga tushdi.
Albatta, qishloqda oilalarning asosiy daromadi yerdan, dala-dehqonchilik ishlari, tomorqa xo‘jaligidan. Shu bois, hovli etagidagi tomorqasini yashnatib mehnat qilayotgan mirishkorlar ayni kunlarida hosil yig‘ib, peshona teri evaziga daromad ko‘rmoqda.


***
Buxoro viloyati Qorako‘l tumani hokimi Xurshid Toxirov “Xo‘jalar” mahalla fuqarolar yig‘inida aholi farovonligini oshirish, investitsiya va eksport salohiyatini yuksaltirish, aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi muammolarni hal qilish, migratsiyadagilar bilan manzilli ishlash, bunda “mahalla yettiligi” hamkorligini ta’minlashga qaratilgan masalalar yuzasidan uchrashuv o‘tkazdi.

Tuman hokimi mahalladagi ehtiyojmand xonadonlarda ham bo‘lib, ular bilan muloqot qildi, muammolariga quloq tutdi. Jumladan, Jumaxol Xoliqova xonadonida bo‘lgan hokim oila sohibasi bilan muloqot qildi. Shu kunning o‘zida uni mahallada faoliyat yuritayotgan tikuvchilik sexiga doimiy ishga joylashtirish hamda uyni ta’mirlash bo‘yicha “yettilik” vakillariga topshiriq berdi.
Barno Olimova mahalladagi nogironligi mavjud fuqarolardan biri. Bir necha yil avval turmush o‘rtog‘i vafot etgach farzandi bilan qaynakasi To‘xtamurod Xolliyev qaramog‘ida qolgan. Qaynakasi ham doimiy ish joyiga ega emas. Tuman hokimi mazkur xonadonda ham bo‘lib, oila vakillari bilan muloqot qildi. Barno Olimova va qizini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hamda zarur dori-darmonlar bilan ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berdi. Bundan tashqari, To‘xtamurod Xolliyev o‘ziga mos ishga, ayoli esa tikuvchilik sexiga ishga joylashtiriladigan bo‘ldi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.