Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
16:08 / 2025-07-22

Buxoroda kichik va o‘rta biznes vakillari uchun qulay muhitni yaratish, ularning muammolarini joyida hal etish maqsadida, soliq boshqarmasi rahbariyati tomonidan viloyatning barcha hududlarida ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda.

Ushbu uchrashuvlarda asosan tadbirkorlarning muammo va takliflariga alohida e’tibor qaratilib, ularning barqaror faoliyat yuritishlari va bizneslarini kengaytirish yuzasidan o‘zaro fikrlar almashilyapti. Biznes vakillari bilan uchrashuvlarning navbatdagisi Kogon shahrida o‘tkazildi. Unda viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari D.Nurullayev ishtirok etib, tadbirkorlarning muammolari va takliflarini o‘rgandi.

Uchrashuvda ishbilarmon tadbirkorlar ta’kidlanganidek, hukumatimiz tomonidan yaratilayotgan qulay soliq muhiti hamda raqamlashtirish orqali yuritilayotgan shaffof tizim ularga har tomonlama qanot bo‘lyapti. Bu esa o‘z-o‘zidan tadbirkorlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini oshirib, faoliyatlarini har tomonlama rivojlantirishga xizmat qiladi.

* * *

Buxoro viloyati Vobkent tumani Ko‘lxatib mahallasida joylashgan “Ko‘lxatib g‘isht” MCHJ 2019 yilda tashkil etilgan. Bu korxona o‘zining sifatli pishiq g‘isht mahsulotlari bilan bozorda o‘z o‘rniga ega. Zavod bir sutkada 10 mingta g‘isht ishlab chiqarib, buyurtmachilarga o‘z vaqtida yetkazib bermoqda.

– Korxonada 15 ga yaqin kishi ish bilan ta’minlangan. Ularning har biri o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashib, zavodning yuksak natijalarga erishishi uchun mehnat qilmoqda. Ular nafaqat zavodning, balki o‘z mahallalarining ham taraqqiyotiga hissa qo‘shmoqda. Korxona sifatli mahsulotlari va yangi rivojlanish rejalari bilan yorqin kelajakka qadam tashlamoqda, – deydi korxona rahbari Sh.Bozorov.

* * *

Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamkorligida G‘ijduvon tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi. Natijada 1985 yili tug‘ilgan muqaddam sudlangan fuqaroning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Ma’lum bo‘lishicha, chet elda ishlab chiqarilgan va bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan turli nomdagi dori vositalari borligi ma’lum bo‘ldi. “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” DM xulosasiga ko‘ra, mazkur dori vositalari tarkibida “sibutramin” moddasi mavjudligi aniqlangan. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra “sibutramin” kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan.

Holat yuzasidan ushbu fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 251-1 moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.