Buxoroda yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq holatlarni fosh etishga qaratilgan nazorat tadbirlari davom etmoqda.
Xususan, Buxoro tumanidagi yakka tartibdagi tadbirkor S.R. o‘ziga tegishli novvoyxonadagi tandirlarni hisoblagichdan tashqari gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, 218 million so‘mlik 176,6 ming kub metr tabiiy gazni talon-toroj qilgan.


Mazkur holat yuzasidan S.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov davomida yetkazilgan zarar qoplangan.
* * *
“O‘zenergoinspeksiya” Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi, viloyat prokuraturasi va gaz ta’minoti korxonasi hamkorligida o‘tkazilgan nazorat tadbirida Jondor tumanida joylashgan “A.” nodavlat ta’lim muassasasiga qarashli gaz qurilmalar boypas yo‘li bilan tarmoqqa ulanib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.

Ushbu qoidabuzarlik natijasida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra gaz ta’minoti korxonasiga 768 million so‘mlik zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.
Hozirda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
* * *
Ijtimoiy himoya tizimi bugungi kunda aholining ehtiyojmand qatlamlariga manzilli yordam ko‘rsatishda samarali mexanizmga aylanib bormoqda. Kogon tumanida yashovchi Zubayda Izomova 2-guruh nogironi. Uning ijtimoiy holatini o‘rganib chiqqan mahalla ijtimoiy xodim Gulshod Jalilova tomonidan bir qator zarur choralar ko‘rildi.

Zubayda Izomovaning kundalik ehtiyojlarini hisobga olib, unga kompensatsiya to‘lovi tayinlash uchun ariza rasmiylashtirildi. Shuningdek, qizi uchun ham bola nafaqasi tayinlash bo‘yicha ariza topshirilib, rasmiylashtirildi.

“Mahalla yettiligi” ko‘magida Zilola Izomovaga tikuv mashinasi berildi. Bu esa uni oilaviy qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lishiga imkon yaratdi.
Bugun har bir mahallada faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlar ehtiyojmand insonlar bilan davlat o‘rtasidagi ishonch ko‘prigidir. Kogon tumanidagi Gulshod Jalilova kabi ijtimoiy xodimlarning fidokorona xizmati tufayli minglab insonlar hayotida ijobiy o‘zgarishlar yuz bermoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.