Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
16:23 / 2025-07-16

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali kardiolog-aritmolog mutaxassislari tomonidan aritmologiya yo‘nalishida qator qabullar o‘tkazildi. Ayni kunda Janubiy Koreya davlatining “Channam National university” tibbiyot markazida tajriba orttirgan malakali mutaxassis K.Shamsiyev ham bu qabullarda faol ishtirok etdi. Yurak ritmida o‘zgarishlar mavjud bo‘lgan o‘nlab bemor mazkur tibbiy ko‘riklardan o‘tkazildi.

Qabulda Jondor tumanida yashovchi, 1982 yili tug‘ilgan bemor Q.N.da yurakning tez urib ketishi xastaligi yuzasidan tezkor davolash chorasi ko‘rildi. Bemor zudlik bilan mutaxassis tomonidan ko‘rilib, tegishli diagnostik usullar qo‘llanilgandan so‘ng unda yuqori texnologik kam invaziv amaliyot o‘tkazilishiga qaror qilindi. 

Mazkur amaliyot filialning tajribali mutaxassislari tomonidan qo‘llanilib, “yurakni elektrofiziologik tekshirish va ridioto‘lqinli abilyatsiyasi” usuli muvaffaqiyatli amalga oshirildi. 

* * * 

“Buxoro aeroporti” chegara-bojxona posti xodimlari va Aviatsiya xavfsizligi xodimlari hamkorligida so‘nggi bir necha kun ichida amalga oshirilgan nazorat tadbirlarida uch marotaba qonuniy me’yordan ortiqcha bo‘lgan tilla taqinchoqlarni, umumiy og‘irligi 120 gr, qiymati 115 million so‘m bo‘lgan zargarlik buyumlari noqonuniy olib kirilishi oldi olindi.

Shuningdek, joriy yil boshidan buyon bojxona posti tomonidan jami 342 million so‘m qiymatdagi qimmatbaho metall taqinchoqlarning noqonuniy olib kirilishi bartaraf etilgan.

Ma’lumot uchun, Jismoniy shaxslarga bojxona qonunchiligiga ko‘ra, deklaratsiyada qayd etmagan holda va hech qanday bojxona to‘lovlarisiz qiymati 1000 AQSH dollarigacha bo‘lgan tovarlarni (bojsiz olib kirish normalariga ko‘ra) yurtimiz hududiga olib kirishga ruxsat etiladi. Belgilangan me’yordan ortiqcha bo‘lgan zargarlik buyumlarni olib kirishda deklaratsiya to‘ldiriladi va bojxona qoidalariga amal qilinadi. 

* * *

Buxoro viloyati Jondor tumani “Qozikent” mahalla fuqarolar yig‘inida 3375 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahalladagi ijtimoiy muammolarni hal etishda tajribali va fidoyi ijtimoiy xodim Bahriddin Salohiddinov o‘z ishiga mas’uliyat bilan qarab kelmoqda. Ayni paytda ushbu mahallada 80 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar istiqomat qilib, “Yagona ijtimoiy himoya reyestri”da 29 ta va “Kambag‘al oila reyestri”da 23 ta oila ro‘yxatga olingan.

Uzoq yillardan beri ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lib kelayotgan fuqaro Faxriddin Jo‘rayev va uning rafiqasi Go‘zal Mangliyeva to‘rt yil muqaddam yuz bergan avtohalokat tufayli nogironlik holatiga tushib qolgan.

Ijtimoiy xodim tashabbusi bilan ushbu oilaga keng ko‘lamli yordamlar ko‘rsatildi. Natijada bolalar nafaqasi tayinlandi, “Kambag‘allik reyestri”ga kiritildi. Oilaga uch million so‘mlik homiylik yordami taqdim etilib, nogironlik aravachasi va tirsak hassasi bilan ta’minlandi. 

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.