Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
17:20 / 2025-03-18

Buxoro viloyati Olot tumanida davlat investitsiya dasturi asosida pudratchi “ASAKA KAPITAL INVEST” MCHJ tomonidan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi uchun ikki qavatli zamonaviy bino qurib, foydalanishga topshirildi.

Navro‘z ayyomi oldidan zamonaviy ko‘rinishdagi, yetarli shart-sharoit yaratilgan  inshootni foydalanishga topshirish tadbirida tuman hokimligi, jamoatchilik vakillari, mahallalar faollari  hozir bo‘ldi. Endilikda “Inson” ijtimoiy xizmat markazi orqali nogironlikni belgilash, protez-ortopediya vositalari bilan ta’minlash, sanatoriy-sog‘lomlashtirish maskanlariga yuborish, psixologik yordam va nafaqalar tayinlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatiladi. 

Tumanda joriy yil 15 mart holatida 3 ming 363 nafar nogironligi bo‘lgan fuqaro, 52 nafar yakka-yolg‘iz keksa va nogiron fuqaro istiqomat qilmoqda. Hozirda ularga markaz tomonidan biriktirilgan 7 nafar ijtimoiy xodim, assistentlar xizmat ko‘rsatmoqda. Joriy yil boshidan buyon olis tumandagi 100 nafardan ortiq fuqaroga salomatligini tiklashi uchun pansionat va sihatgohlarga yo‘llanmalar berilgan.

Ochilish marosimidan so‘ng ramziy alvon lenta qirqilib, tadbirda yig‘ilganlar muassasada yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdi. 

* * *

Buxoro viloyati Kogon tumanining “Niyozhoji” mahalla fuqarolar yig‘inida mahalliy va xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan, milliy an’analar bilan uyg‘unlashgan madaniy hordiq chiqarish maskani barpo etilmoqda. Bu loyiha qiymati 10 milliard so‘mga moliyalashtirilgan bo‘lib, hozirda pudratchi “Bukhara green vegetables” MCHJ tomonidan 2000 kvadrat metr maydonda qurilish, jihozlash, o‘ziga xos dekorativ dizaynni yaratish ishlari amalga oshirilmoqda.

Turizm yo‘nalishida xizmatlar ko‘lamini kengaytirish maqsadida tashkil etilayotgan maskan, bir vaqtning o‘zida 50 mingga yaqin sayyohga xizmat ko‘rsatish sig‘imiga ega bo‘lib, loyiha ishga tushishi bilan dastlabki bosqichda 40 nafar ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

* * *

Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan prokuratura va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda advokatning noqonuniy harakatini fosh etishga qaratilgan tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda Peshku tumanida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosi advokati 2024 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi tomonidan sudlangan fuqaroga oid ishni kassatsiya instansiyasida ko‘rib chiqish jarayonida unga nisbatan oqlov hukmi chiqarish masalasini sud tizimidagi tanishlari orqali hal qilib berishni va’da qilgan.

Natijada evaziga 12 ming dollar pora olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. 

Hozirda shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri