Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
15:05 / 2024-12-17

Jangovar patronlar borligi aniqlandi

Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi va DXX chegara qo‘shinlari xodimlarining o‘zaro hamkorligida jangovar patronlarni Respublikamiz hududiga olib kirilishining oldi olindi.  

“Olot” chegara bojxona postiga tranzit yo‘nalishda harakatlanayotgan yengil avtomashinalar tashish uchun mo‘ljallangan yuk avtomashinasi kirib keladi. Belgilangan tartib doirasida harakatlangan xodimlar esa, xolislar ishtirokida bojxona ko‘rigini o‘tkazdi.  

Natijada, yengil avtomashinalardan birining orqa o‘rindig‘i ostida 7 dona jangovar o‘q-patronlar borligi aniqlanadi.  

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.  

Birja savdolaridan chetlashtirildi  

“O‘zenergoinspeksiya” Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan neft mahsulotlarini yetkazib berish va ularni sotuvga chiqarilishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida AYOQSHlarda qoidabuzarlik holatlari kuzatilgan.  

Aniqlanishicha, Buxoro shahrida joylashgan “B.A.M.” xususiy korxonasiga qarashli avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasida birja savdolarida yutib olingan Ai-80 avtobenzin AYOQSH orqali sotilmasdan, ulgurchi sotib yuborilganligi ma’lum bo‘lgan.  

Qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan ushbu AYOQSH birja savdolarida ishtirok etishi vaqtincha to‘xtatildi.  

Istiqbolli loyihalar muhokama qilindi  

BAA kompaniyasining “Masdar” – “Mubadala Investment Company” investitsiyaviy xoldingning sho‘’ba korxonasi dunyoda qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha yetakchi xalqaro kompaniyalardan biri hisoblanadi.  

Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripovning loyiha bosh menejeri Filip Torres bilan muloqotda loyihani amalga oshirish jarayonlari, mavjud muammolar, ularni hal qilish masalalari keng muhokama qilindi. Kompaniya tomonidan Buxoro viloyati Olot tumani markazidan 24 kilometr janubi-sharqda, Turkmaniston chegarasiga yaqin hududda joylashgan 700 gektar cho‘l hududida qiymati 273 million dollarga teng, quvvati 250 MVt bo‘lgan “Nur-Buxoro” quyosh fotoelektr stansiyasi va 63 MVt quvvatli energiya sig‘imiga ega batareya ombori qurilmoqda.  

Loyiha bosh menejeri Filip Torresning ta’kidlashicha, bu yerda “Nur-Buxoro” Solar quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish loyihasining amalga oshirilishi, ushbu maydonda kelgusida zamonaviy panellar o‘rnatilishi, “O‘zbek-Solar-3” dasturining bir qismi bo‘lib, bu mamlakatimizda raqobatbardosh narxlarda elektr yetkazib berishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.  

Oila daromadli bo‘ldi  

Buxoro viloyati Jondor tumani Oqtepa mahallasida 12 ta oila kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan. Bugungi kunda ularning muammolari ijtimoiy xodimlar tomonidan o‘rganilmoqda.  

Jamol Ro‘ziyev 2-guruh nogironi. Turmush o‘rtog‘i Komila Nasullayeva bilan uch nafar farzandni tarbiyalab kelmoqda. Ularning oilaviy sharoiti “mahalla yettiligi” tomonidan tahlil qilindi va ularga ko‘rsatiladigan individual ijtimoiy xizmatlar rejasi tuzildi.  

Rejaga ko‘ra, turar joy qayta qurildi va ta’mirlandi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tgan xonadon a’zolari statsionar davolandi. Bir bosh sog‘in sigir va 50 dona tovuq berildi. Tomorqa yerining 1 sotixida issiqxona qurib berildi. Chorvachilikni rivojlantirish uchun imtiyozli kredit ajratildi. Ayni damda oila ijtimoiy og‘ir vaziyatdan chiqib, doimiy daromad manbaiga ega bo‘ldi.  

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.