Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
15:02 / 2024-09-25

Maqsad xavfsizlikni ta’minlash

Buxoro viloyatining Buxoro, Vobkent va Qorako‘l tumanlarida istiqomat qiluvchi 170 mingga yaqin suyultirilgan gaz iste’molchilarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida gaz ballonlarini sinovdan o‘tkazish sexlari faoliyat olib bormoqda. 

Sinov sexlari iste’molchilarning maishiy gaz ballonlaridan foydalanishda xavfsizligini ta’minlash, ularga ajratilgan suyultirilgan gazni to‘liq hajmda, yong‘in xavfsizligi talablariga rioya qilgan holda yetkazib berish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, chilangarlar tomonidan amaliy ishlar o‘z vaqtida samarali olib borilmoqda. 

– Sinov sexlarida gaz ballonlari to‘liq sinovdan o‘tkaziladi. Birgina, Qorako‘l gaz to‘ldirish shoxobchasida mavjud sinov sexi joriy yilning dastlabki oyida ishga tushirilgan bo‘lsa, bugunga qadar mingga yaqin gaz balloni sinovdan o‘tkazildi, – deydi “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Aziz Rasulov. 

Tojikentda qurilish materiallari ishlab chiqarilmoqda 

Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida tadbirkor bo‘lishni maqsad qilgan kishilar ko‘plab topiladi. Tumanning Tojikent mahallasida ham tadbirkor va ishbilarmonlar bor, albatta. 

– O‘zi odamlarimiz azaldan ishbilarmon, shijoatli. Hozirda oilaviy tadbirkorlik rivojiga qaratilayotgan e’tibor mahallamizdagi yuzlab oilalarning o‘z oilaviy biznesini yo‘lga qo‘yishida katta ko‘mak bo‘lmoqda, – deydi mahalla raisi N.Otamurodov. 

Tojikentlik G‘iyosiddin aka o‘z xonadonida kichik sex tashkil qilib, qurilish materiallari ishlab chiqarmoqda. Ayniqsa, bu yerda uylarning tashqi fasadi uchun ishlab chiqarilayotgan sifatli pardozbop plitkalar bino devorlariga estetik chiroy berish bilan birga, uzoq yillar davomida binoni tashqi ta’sirlardan ham himoya qiladi. 

Kichik sexda hozircha 8 kishi mehnat bilan band. Tadbirkor kelgusida o‘z faoliyatini kengaytirib, yana 5 nafar mahalladoshlarni ish bilan ta’minlashni reja qilgan. 

Qo‘mita raisi Buxoroda 

O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpibayeva xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularni kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta’minlash hamda tadbirkorlikka keng jalb etish, aholi, ayniqsa, xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish borasida Buxoro viloyatida olib borilayotgan ishlarni o‘rgandi. 

Buxoro shahridagi “Mahmud Tarobiy” mahalla fuqarolar yig‘inidagi ijtimoiy muhofazaga olingan aholi vakillari uchun sayyor qabul o‘tkazildi. Qabul avvalida daromadsiz va ish bilan band bo‘lmagan, mehnat migratsiyasidan qaytgan, tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan, shuningdek, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 11 nafar xotin-qizga ishlab daromad topish, qo‘shimcha ish o‘rni yaratish sharti bilan subsidiya asosida tikuv mashinalari topshirildi. 

Shuningdek, o‘tkazilgan qabullarda fuqarolarga tegishli tashkilot va idoralar mas’ullari tomonidan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi, hududni rivojlantirish infratuzilmasi, subsidiya kabi masalalar bo‘yicha tushuncha berildi. Qabulda xotin-qizlarning uy-joy, bandligini ta’minlash, farzandining oliy ta’lim kontrakti, tibbiy yordam, tadbirkorlik faoliyatida ko‘maklashish, subsidiya ajratish va oila-turmush masalasida kelib chiqqan nizolari yuzasidan murojaatlari tinglandi hamda zaruriy chora-tadbirlar belgilandi. 

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.