Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i B.Muratov Qorovulbozor tumanida Eron Islom Respublikasi investitsiyasi hisobiga barpo etilayotgan “PETROCHEM BUKHARA” qo‘shma korxonasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan sayyor uchrashuvda loyiha istiqbollari haqida so‘z yuritdi.
Neft va neft mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan mazkur korxona negizida 600 dan ortiq ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, loyiha 2025 yil yakuniga qadar to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan.


Ikki tomon vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muloqot jarayonida, bojxona organlari tomonidan investitsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida taqdim etilayotgan imtiyozlar yaqindan tanishtirildi.
* * *
Buxoro viloyati hududiy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va unda hududiy komissiya a’zolari hamda tuman va shahar komissiyalari raislari ishtirok etdi. Yig‘ilishni viloyat HSK raisi M.Olimov olib bordi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha uchastka saylov komissiyalari tarkibini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanishicha, xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlari, harbiy qismlar komandirlari, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylari rahbarlari tomonidan uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar ko‘rib chiqilib, tasdiqlash uchun “Ye-saylov” axborot tizimi orqali hududiy saylov komissiyasiga yuborilgan. Muhokamalardan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 20- va 23-moddalari hamda Markaziy saylov komissiya tomonidan tasdiqlangan “Uchastka saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq, viloyatdagi 631 ta uchastka saylov komissiyasining 6617 nafardan iborat a’zolari tarkibi tasdiqlandi.

Komissiya a’zolari tarkibida avval saylovda ishtirok etganlar, ta’lim, sog‘likni saqlash tizimlari xodimlari, huquqshunoslar, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek, jamoat tashkilotlari vakillari ko‘pchilikni tashkil etganini kuzatish mumkin.
* * *
Energiya resurslaridan to‘g‘ri foydalanish bugun dolzarb vazifalardan hisoblanadi. Bu borada tegishli mutasaddilar tomonidan targ‘ibotlar ham olib borilmoqda. Xususan, energiya tejovchi uskunalar, ularning qulayligi, ahamiyati va xavfsizligi to‘g‘risida aholiga tushuntirishlar berilmoqda.


– Tabiiy gazni tejash har bir iste’molchining vazifasidir. Targ‘ibotlar davomida aksariyat aholi eski gaz moslamalaridan foydalanib kelayotganligining guvohi bo‘ldik. Mutaxassisning fikriga ko‘ra, ikki konturli isitish moslamasi juda qulay bo‘lishiga qaramay, tabiiy gazni tejash bilan bir qatorda mablag‘ning ham tejalishiga xizmat qiladi. Ta’kidlash lozim, ikki konturli isitish moslamasining bir qator o‘ziga xos qulayliklari bor. Jumladan, gaz sarfi, issiq suv hajmi tejaladi. Xona tez isiydi, issiqlikning tarqalishi esa juda oson, uni o‘rnatish qulay, muhimi, xavfsiz. – deydi “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali mutaxassisi Sa’dullo Xalilov.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.