Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
20:03 / 2024-07-13

Olot tumani hokimi Nargiza Ne’matova xitoylik investorlar bilan uchrashib, ularning biznes loyihalari bilan tanishdi.

Uchrashuv va muzokara davomida xorijiy sarmoyadorlar tomonidan “Dengiz” ko‘lida Xitoyning “Feng nian guo ji” korxonasi tomonidan artemiya sistalarini parvarishlash bo‘yicha o‘zaro manfaatli kelishuvga erishildi.

Ma’lumot uchun, jahon amaliyotida artemiya sistasidan olingan preparatlar qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va kosmetologiyada keng qo‘llaniladi. Mutaxassislarning fikricha, artemiya asosan xlorli, sulfatlangan, karbonatli va sho‘rlangan muhitda (1 litr suvda 300 grammgacha tuz) yaxshi ko‘payadi. Dunyoda bu jonzodning bir necha turi mavjud. Orol dengizida uchraydigan “artemia partgenogenetica” — sho‘r qisqichbaqalar turiga tegishli.

Ayni kunda ikki tomonlama kelishuvga binoan dastlabki harakatlar, ko‘l yonbag‘rini va suv tarkibini o‘rganish ishlari boshlangan.  

***

Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.  

Hududdagi “4-K” 201 rusumli avtomobil yo‘lining Qo‘lvo hamda Chovli qishloqlari bo‘ylab o‘tgan qariyb 1 kilometr qismi ko‘p yillardan buyon ta’mirtalab holatda edi. Aholi murojaatlari inobatga olinib, mazkur yo‘l qorako‘llik tajribali yo‘lsozlar tomonidan maxsus yuqori unumdor transport vositalari yordamida asfaltlashtirildi.

O‘tgan oylarda Xo‘jakon qishlog‘ining 2 kilometr ichki yo‘li asfaltlashtirilgani  “Tashabbusli byudjet” loyihasining 2023 yil ikkinchi mavsumida g‘olib bo‘lgan xo‘jakonliklar hamjihatligining bir namunasi, albatta. Ular tomonidan qishloq yo‘lini asfaltlashtirish bo‘yicha kiritilgan tashabbus 6 mingdan ziyod ovoz to‘plab, tanlovda g‘olib bo‘lgan.  

Shuningdek, tuman yo‘lsozlari shu kunlarda hududdan o‘tgan “4K-198” rusumli,  “Qorako‘l - Mirzaqal’a - Jig‘achi” avtomobil yo‘lining 5-10 kilometrlari oralig‘ida ta’mirlash ishlari bormoqda. Bu yo‘l tumanning Mallaishayx mahallasidan Oq oltin mahallasigacha bo‘lgan qismidan o‘tadi. Ko‘psonli aholining murojaati va yo‘lning ta’mirtalab ahvoldaligi sabab ishchi-mutaxassislar tomonidan katta ta’mirlash ishlari boshlangunga qadar yo‘lning o‘nqir-cho‘nqirliklari asfalt qoplamasi bilan to‘ldirilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.