Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi “Lux Pet Plast” mas’uliyati cheklangan jamiyati mahsulotlari xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.
Korxona umumiy qiymati 6,7 milliard so‘mni tashkil etadi. Shundan 5,5 milliard so‘mi tadbirkorning o‘z mablag‘i, 107 ming AQSH dollarini xorijiy kredit liniyasi tashkil etadi. Bu yerda turli o‘lchamdagi plastmassa idishlari ishlab chiqarilmoqda.
–Tuman markaziga yaqin mahallaning Binokor ko‘chasidan qariyb 70 sotix qarovsiz yotgan yer maydonini olib, 2020 yildan sex qurilishini boshlaganmiz, – deydi korxona rahbari Adham Ilyosov. – Bino qurilgach Turkiya va Xitoyning maxsus termoplast uskuna va qoliplari bilan jihozlandi. Buning uchun “Kapitalbank”ning viloyat filialidan birinchi bosqichda 300 ming AQSH dollariga teng kredit mablag‘i rasmiylashtirganmiz.
Hozirda mazkur korxonaga Xitoy davlatidan umumiy qiymati 1 million AQSH dollarini tashkil etgan maxsus dastgoh va uskunalar keltirib o‘rnatilgan. Yelim idish, ya’ni PET kapsula ishlab chiqarish liniyasi turli ichimliklar va maishiy-kimyoviy moddalarni qadoqlash uchun ishlatiladi. Ayni paytda, qadoqning bu turi boshqa turdagi qadoqlar orasida yetakchi hisoblanadi va bir qancha afzalliklarga ega: shisha bilan tashqi o‘xshashlik, germetik vint qopqoq bilan yopish imkoniyati, sinmaydigan va yetarlicha mustahkam material.
****
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining Olot chegara bojxona posti orqali hujjatlarda ko‘rsatilmagan mo‘ynalarni olib o‘tishga bo‘lgan urinish bartaraf etildi.
Xorijiy yo‘nalishda harakatlanib kelgan yuk avtomashinasi “Olot” chegara bojxona postida dastlabki bojxona nazoratidan o‘tkaziladi. Natijada import tariqasida olib kelingan tovarlarning inspeksion ko‘rik majmuasidan olingan rentgen tasvirlari va yuk kuzatuv hujjatlarida aniqlangan tafovut bojxona ko‘rigidan o‘tkazish lozimligini ko‘rsatadi.
Ma’lum bo‘lishicha, bojxona yuk deklaratsiyasida boshqa nom ostida ko‘rsatilgan tovarlar aslida 1 310 dona qora rangli “ishlov berilgan mo‘yna” ekanligi aniqlanadi.
Hozirda umumiy qiymati 159 million so‘mni tashkil etuvchi mo‘ynalar holatga oydinlik kiritilgunga qadar vaqtincha saqlovga olindi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri