Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
11:36 / 2023-08-23

Buxoro tumani “Bog‘idasht” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 40 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston bog‘i” barpo etilishi rejalashtirilgan.

Loyihaga ko‘ra bog‘da sokin hudud va favvoralar, sport maydonchalari, bolalar o‘yingohi, umuman, bu yerda odamlar tabiat qo‘ynida dam oladigan so‘lim hududlar barpo etiladi. Majmua zamonaviy yoritish va akustika tizimlari bilan jihozlanadi. Kelgusida bu yerda umumxalq bayramlari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi.  

Viloyat hokimi Botir Zaripov loyiha bilan tanishib o‘z vaqtida, mukammal darajada amalga oshirilishi bo‘yicha taklif va tavsiyalar berdi. Buning uchun harakatni bugundanoq boshlash zarurligi ta’kidlandi. Xususan, majmua quriladigan maydonlarni tayyorlash, tuproq ishlarini bajarish, sug‘orish va oqova tizimlarini barpo etish yuzasidan mas’ullarga vazifalar yuklandi. Mavjud muammolar mas’ullar ishtirokida muhokama qilindi.   

***** 

Buxoroda yangi o‘quv yilida umumta’lim maktablari o‘quvchilari darsliklar bilan to‘liq ta’minlanadi. Bu haqida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.  

Viloyatda 2023-2024 o‘quv yilida umumta’lim maktablari o‘quvchilarini darsliklar bilan ta’minlash maqsadida jami 4 650 474 nusxa darsliklar va o‘quv-metodik majmualar uchun reja shakllantirilgan. Shundan, o‘zbek sinflari uchun 4 247 257 dona, rus sinflar uchun 386 437 dona, qozoq sinflar uchun 8 923 dona, brayl yozuvidagi 6 641 dona, maxsus maktab o‘quvchilari uchun 1 216 dona darsliklar ajratilgan.  

Berilgan buyurtma asosida umumta’lim maktablariga 4 650 474 nusxa darsliklar to‘liq taqsimot qilingan. 2023 yil 22 avgust holatiga 1-sinflar uchun informatika, tabiiy fan va texnologiya darsliklari (ta’lim o‘zbek tilida 34 900 nusxadan) yetib kelib, ta’lim muassasalariga tarqatilmoqda.  

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2023 yil 8  iyundagi 02-02/1-7890-sonli xatiga asosan umumta’lim maktablarining kutubxona jamg‘armasidagi mavjud darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar sinflar, tillar va fanlar kesimida xatlovdan o‘tkazildi. Xatlov natijalari bo‘yicha tumanlar va maktablar kesimida qayta taqsimot ishlari amalga oshirilmoqda.  

Hozirgi kunda 2022-2023 o‘quv yili yakunidagi o‘quvchi soni asosida maktablararo darsliklarni qayta taqsimoti amalga oshirilmoqda. 2023-2024 o‘quv yili boshlangandan so‘ng, o‘quvchilar harakati asosida sentyabr oyida yana qayta taqsimot ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.  

 

Zarif Komilov, O‘zA