Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
16:31 / 2023-06-08

Buxoro viloyati Romitan tumani “Baxtiyorchi” mahalla fuqarolar yig‘inida 42-oilaviy poliklinika binosi qayta ta’mirlanib foydalanishga topshirildi.

Tibbiyot maskanining ochilish marosimida tuman hokimi Umidjon Barnoyev qatnashdi. Shundan so‘ng, ramziy tasma qirqilib, yangi tibbiyot maskanida aholiga yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi.

Poliklinika 100 qatnov quvvatiga ega bo‘lib, barcha turdagi zamonaviy tibbiyot jihozlari bilan ta’minlangan. Oilaviy poliklinika 5 mahalla fuqarolar yig‘ini, 4 maktab, 3 maktabgacha ta’lim tashkilotiga, umumiy hisobda 15 ming nafardan ziyod aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Bundan tashqari, ushbu binoda aholiga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida 24 soat faoliyat olib boradigan tez tibbiy yordam shoxobchasi ham tashkil etilgan.  

Poliklinikani ta’mirlash ishlari uchun 920 million so‘m mablag‘ ajratildi.

***

Fuqaro O.Tolibova o‘zi yashab turgan mahalla fuqarolar yig‘ini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi. Uning ishlari kimgadir yoqmay qolib, turli bahonalar bilan uni ishdan bo‘shatishdi. U esa o‘z huquqlarini tiklash uchun sudga murojaat qildi.

Sud holatni o‘rganib chiqib, arizani qanoatlantirdi va ishga tiklash bo‘yicha qaror chiqarib, ijrosini ta’minlash uchun Majburiy ijro byurosi Buxoro viloyati Jondor tumani bo‘limi ish yurituviga yubordi.  

Bu orada hukumat qarori bilan mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat olib borayotgan raisning Oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi tugatilib, ochiq tanlov asosida Argos orqali mahalla fuqarolar yig‘inlariga xotin-qizlar faoli lavozimiga munosib nomzodlar, tuzilgan ishchi guruhlar orqali tanlab olinishi belgilandi.

Bundan tashqari, uning ishga tiklanishidan norozi bo‘lgan taraf sudga xususiy shikoyat kiritdi. Tortishuvli masalani viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha apellyatsiya sudlov hay’ati ko‘rib chiqdi. Mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi buyruq g‘ayriqonuniy deb topilib, fuqaro O.Tolibova mahalla fuqarolar yig‘inida oila va xotin-qizlar hamda ijtimoiy masalalar bo‘yicha rais o‘rinbosari lavozimiga yoki shu lavozimga teng bo‘lgan boshqa lavozimga 2022 yil 6 oktyabr kunidan ishga tiklash belgilandi.  

Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi viloyat boshqarmasi Jondor tumani bo‘limining 2023 yil 6 iyun kunidagi buyrug‘i bilan fuqaro O.Tolibova mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli lavozimiga ishga tiklandi hamda uning foydasiga 18 million 87 ming so‘m majburiy progul kunlari uchun ish haqi va ma’naviy zarar undirilib, ijro ishi amalda tamomlandi.  

Zarif Komilov, O‘zA