Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev Buxoroda mehmon bo‘lib turgan AQSHning Global Klinik Muhandislik Ittifoqi (GCEA) ijrochi direktori doktor Manishni qabul qildi.
Muloqot chog‘ida tomonlar o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib hamkorlik qilish bo‘yicha kelishib oldi hamda anglashuv memorandumi imzolandi. Muloqot va hamkorlik orqali milliy sog‘liqni saqlash tizimini, tibbiy ta’lim va amaliy sog‘liqni saqlash sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda ijobiy natijalarga erishish maqsadida O‘zbekiston va AQSH tibbiyot hamjamiyatlari o‘rtasidagi sheriklik, akademik hamkorlik, madaniy aloqalar va do‘stlik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlash maqsadida o‘quv, qisqa va uzoq muddatli stajirovkalar, kasbiy (o‘quv-ishlab chiqarish, tadqiqot, diplomdan oldingi, pedagogik) amaliyotlarni bajarish uchun talabalar, o‘qituvchilar va tadqiqotchilarning akademik almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.
Muloqot chog‘ida mazkur ittifoq bilan hamkorlik AQSH tibbiy va ta’lim muassasalari bilan birgalikda bakalavriat, magistratura hamda qisqa muddatli malaka oshirish kurslari tashkil etish masalasi muhokama etildi. Jumladan, tibbiyot muhandisligi bo‘yicha uch yillik mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturi tashkil etiladi. Yangi 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab mazkur yo‘nalishda talabalar qabul qilinadi. Bundan tashqari mazkur yo‘nalish bo‘yicha magistratura bosqichi hamda texnika yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislikka ega bo‘lganlar uchun olti oylik malaka oshirish kursi tashkil etiladi.
******
Qorako‘llik fermer g‘alla topshirish rejasini ortig‘i bilan bajardi. Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida joriy yil jami 224 fermer xo‘jaliklari tomonidan 5 ming 626 gektar maydonda boshoqli don ekilib, 13 ming 840 tonna g‘alla yetishtirish rejalashtirilgan.
Agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida sifatli olib borilishi va g‘allani qisqa muddatda yig‘ib olish maqsadida tegishli otryadlar tuzildi. Tumanda g‘alla o‘rimi hali to‘la-to‘kis boshlanmasdanoq fermer xo‘jaliklari g‘alladan mo‘l hosil olib, shartnoma rejalarini bajarmoqda. Jumladan, “Tojikent” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan “Olim Vali fayz” fermer xo‘jaligi davlatga g‘alla topshirish rejasini ortig‘i bilan bajardi. Fermer xo‘jaligi shartnomada belgilangan 78 tonna o‘rniga 105 tonna g‘alla topshirdi. Rejani 135 foizga bajardi. Hosildorlik gektariga 70 sentnerga yetdi.
*******
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi 240 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 9 ming gektar yer maydoniga chigit ekilgan. G‘o‘za parvarishi yuzasidan agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilgani sababli “Ilhom Shonazar sohibkor” fermer xo‘jaligiga qarashli 40 gektar yer maydonida parvarishlanayotgan g‘o‘za bugun gul ko‘rsatdi.
Zarif Komilov, O‘zA