Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoro viloyati: qishga tayyorgarlik mutasaddilar nazoratida
11:07 / 2023-12-13

Prezidentimiz raisligida joriy yilning 12 dekabr kuni qish mavsumini betalafot o‘tkazish bo‘yicha vazifalarning bajarilishi holati muhokama qilindi.

O‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan topshiriqlardan kelib chiqib, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov hamda viloyat hokimi o‘rinbosari Jalol Arashov boshchiligidagi kommunal soha mutasaddilari tungi vaqtda issiqlik ta’minoti va xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar faoliyati bilan tanishdi.  

Ayni kunlarda mamlakatimizda, jumladan, viloyatda odatdagidan ko‘ra sovuq ob-havo kuzatilmoqda. Xo‘sh, energota’minot korxonalari bunday noqulay ob-havo sharoitiga qanchalik tayyor?  

“Buxoroenergomarkaz” aksiyadorlik jamiyati bugungi kunda 202 ta ko‘p qavatli uy-joylar yoki soddaroq qilib aytganda, 11 ming 372 ta xonadonlarda istiqomat qiluvchi salkam 30 ming aholi, shuningdek, 32 ta ijtimoiy soha ob’ektlariga issiqlik energiyasi va issiq suv yetkazib beradi.  

So‘nggi kunlarda kuzatilayotgan sovuq ob-havo sharoitida aholi xonadonlarini issiqlik bilan barqaror ta’minlash “Buxoroenergomarkaz” AJ da faoliyat ko‘rsatayotgan 150 nafarlik mehnat jamoasining ham zimmasiga katta mas’uliyat yuklagan.  

[gallery-15043]

Viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi mas’ullar mazkur ob’ektda bo‘ldi. Ish jarayonlarining borishini ko‘zdan kechirdi. Isitish mavsumi davomida ehtiyot choralarini ko‘rish, tizimning sozligi va mo‘’tadil ishlashini ta’minlash maqsadida zaruriy chora-tadbirlarni belgilash yuzasidan mutasaddilarga topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.  

Shuningdek, viloyat rahbari qish mavsumini betalafot o‘tkazish, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari, aholi va ko‘p qavatli uy-joy fondining energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojini uzluksiz ta’minlab borish bo‘yicha viloyat hokimligida tashkil etilgan shtabda ham bo‘ldi. Shtab mas’ullari bilan muloqot qildi. Fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarni tezkorlik bilan o‘rganish va hal etish bo‘yicha zarur vazifalarni belgilab berdi.  

Buxoroda aholiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini arzon narxlarda yetkazib berishda “Buxoro qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ulgurji sotish bozori” MCHJ muhim o‘rin tutadi. Bu yerda piyoz, kartoshka, sabzi, sholg‘om, qovoq, qolaversa, guruch, dukkakli mahsulotlarning uzluksiz savdosi yo‘lga qo‘yilgan.  

Botir Zaripov mazkur bozorda bo‘lib sotuvchi va xaridorlar uchun yaratilgan sharoitlar, asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasi va bozorning sanitariya holatini o‘rgandi.  

Viloyat rahbari tadbirkorlar bilan muloqot qildi. Sovuq ob-havo sharoiti davrida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxini asossiz oshirmaslik haqida tushuntirish berildi.  

Mas’ullar Buxoro shahridagi “Bunyodkor” mahalla fuqarolar yig‘ini hozirda 74 ta ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatayotgan “Sity Sentr” boshqaruv servis kompaniyasidagi kechki ish jarayonini o‘rgandi. So‘nggi kunlarda yurtimizda kuzatilayotgan sovuq ob-havo sharoitida ko‘p qavatli uy-joylarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariya holatlarining oldini olish maqsadida mazkur BSKda ham 24 soat ishlaydigan dispetcherlik xizmati yo‘lga qo‘yilgan.  

Mas’ullar navbatchi mutaxassislar bilan muloqotda bo‘ldi. Aholidan kelib tushayotgan murojaatlarni o‘rganish va mavjud muammoni tezkorlik bilan bartaraf etish ishlarining tahlili bilan qiziqdi. Omborxonadagi zaxira materiallari, avariya holatida zarur bo‘ladigan boshqa texnik vositalarning shayligiga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, hududdagi ko‘p qavatli uylarning issiqlik tizimi ham ko‘zdan kechirildi.  

Mutasaddilar ushbu hududdagi ko‘p qavatli uylarni issiqlik energiyasi bilan ta’minlovchi “Issiqlik manbai” DUKga qarashli RK-1 qozonxonasida bo‘ldi. Qozonxona 43 ta ko‘p qavatli uydagi 1 ming 700 ta xonadon hamda 17 ta ijtimoiy ob’ektni issiq suv va issiqlik energiyasi bilan ta’minlaydi. Qishga tayyorgarlik jarayonida hududga 1,5 kilometr qoplamali quvur tortilgan. 1 ta qozon mukammal ta’mirlangan.  

Viloyat hokimi o‘rinbosari Jalol Arashov qozonxonadagi tungi navbatchilar bilan suhbatlashdi. Qozonxonadan ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy soha ob’ektlariga yetkazib berilayotgan issiqlik energiyasi harorati haqida so‘radi. Mavjud holatni bevosita ko‘zdan kechirdi.

Mas’ullar tungi o‘rganishlari davomida “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyatida ayni shu masalaga alohida e’tibor qaratdi. Jamiyatning “Tezkor dispetcherlik xizmati”, elektr energiyasi iste’molchilari uchun 24 soat davomida xizmat ko‘rsatuvchi “Call markaz” faoliyati, xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishildi.  

Fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarni tezkor o‘rganish va hal etish, xususan, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy avariya holatlarining oldini olish yuzasidan vazifalar belgilandi.  

Buxoro viloyatida 104 ta yuqori bosimli gaz taqsimlash punkti mavjud bo‘lib, “Sharq yulduzi” mahallasida joylashgan punkt ulardan biri hisoblanadi. Mazkur punktdan Buxoro shahrining katta qismiga tabiiy gaz yetkaziladi. Jalol Arashov ushbu ob’ektning ish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Shundan so‘ng “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali dispetcherlik xizmati va “Call markaz” faoliyati o‘rganildi.  

Sovuq kunlarda aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini barqaror energiya ta’minoti bilan ta’minlash borasidagi o‘rganishlar davom etmoqda.  

 

Zarif Komilov,  

O‘zA muxbiri.