Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoro viloyati: Prezident tashabbusi o‘z samarasini bermoqda
16:20 / 2022-07-18

Prezidentimiz tashabbusi bilan  joylarda ish boshlagan hokim yordamchilari alohida toifalangan aholi qatlami bilan ishlash, ijtimoiy muammolarni hal etishda  keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda.

Buni “Ayollar daftari” yoki “Temir daftar”ga kiritilgan aholining og‘irini yengil qilish, ularni nochor ahvoldan chiqarish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar misolida ham ko‘rish mumkin.

Buxoro viloyatida ham mazkur yo‘nalishdagi ishlar o‘zining ijobiy  samarasini bermoqda. Joriy yilning o‘tgan 7 oyida viloyatda xotin-qizlarning 9 ming 928 nafariga umumiy qiymati 187 milliard 500 million so‘mlik imtiyozli kredit ajratilgan. Aytish joizki, mahallalarda hokim yordamchilari o‘rganishlari va tavsiyanomasi asosida moddiy qo‘llab-quvvatlashga, kreditga bo‘lgan talab oshmoqda. Ishsiz xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish, bankning imtiyozli krediti bilan moddiy yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda viloyat hokimligi hamkorligida “Mahalla maqomini oshirish, biznes loyihalarni ro‘yobga chiqarish, nochor oilalarni qo‘llab-quvvatlashda hokim yordamchilarining o‘rni qanday?” mavzusida o‘tkazilgan press-turda shular haqida batafsil ma’lumot berildi. Jurnalistlar mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarga bevosita guvoh bo‘ldi.   

Press-tur ishtirokchilari dastlab Buxoro tumani “Shergiron” mahalla fuqarolar yig‘inida tadbirkor Malikbek Choriyev rahbarligida faoliyat yuritayotgan “Selikopit” MCHJ faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda mehnat qilayotgan 80 nafar ishchi-mutaxassisning  aksariyati, ya’ni 70 nafarini shu hududdagi avval ishsiz va daromadsiz bo‘lgan xotin-qizlar tashkil etadi. Ularning har biri 1,5–2 million so‘mdan maosh olmoqda. 

– Oldin bu korxona Rabotiqalmoq mahallasida moslashtirilgan sharoitdagi kichik sex edi, – deydi “Shergiron” mahalla fuqarolar yig‘inidagi hokim yordamchisi Azizbek Sharopov. — Faoliyatini kengaytirishga qaror qilgan tadbirkorlik sub’ektiga o‘rganishlarimizdan so‘ng shu qishloqda zamonaviy ko‘rinishda bunyod qilinganiga qaramasdan bo‘sh yotgan binoni arzon narxda ijara asosida ajratib berdik.

– Bugunga kelib asosiy hamkorimiz Rossiyaning “Luna” MCHJ buyurtmasi asosida sayohatchilar uchun pishiq palatka va sumkalar tikib, oyiga 100 ming AQSH dollari atrofidagi mahsulot eksport qilinmoqda, – deydi korxona rahbari Malikbek Choriyev. — Bu degani, bir oyda o‘rtacha 1 ming dona palatka va 1 ming 300 dona sumka ishlab chiqarsak, mahsulotni yuz foiz chet eldagi hamkorlarga yetkazmoqdamiz. Kelgusida albatta, ishlab chiqarish quvvatini oshirish harakatidamiz.

Tadbirkorlikda ham sinchkovlik, mirishkorlik juda muhim. Romitan tumanining “Qahramon” mahalla fuqarolar yig‘ini Istiqlol qishlog‘ida Akmal Mahmudov oddiy kungaboqar hosili pista hamda yeryong‘oqni qadoqlab sotishni yo‘lga qo‘ygani orqasidan butun oilasini ishli va daromadli qilgan.

– Faoliyat boshlaganiga 8 yil bo‘lgan “Alisher Dilsora” oilaviy korxonasida bugunga kelib o‘nga yaqin kishi mehnat qilmoqda, – deydi mahalladagi hokim yordamchisi Azamat Kamolov. – Soatiga 150 kilogramm mahsulot, ya’ni pistani qadoqlash imkoniyati yaratilgan. Tadbirkor o‘tgan yili shaxsiy jamg‘armasi hisobidan Turkiyaning “Pamukalle” rusumli texnologiyasini olib kelib o‘rnatdi. Ish samaradorligi shunga hamohang yanada oshdi. Zarur xom ashyo mahalliy tumanlardan tashqari, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlaridan sotib olinmoqda.

Aytish mumkinki, ayni kunda Romitan tumani markazida qad rostlayotgan ko‘ngilochar dam olish maskani, go‘yo ertaklar olamini eslatib yuboruvchi “Romitan saylgohi”ning viloyatda boshqa muqobili mavjud emas. Tuman markazidan 40 kilometr uzoqlikda, cho‘l bag‘rida mo‘’jiza misoli zamonaviy andoza asosida qurib ishga tushirilgan va yurtimizda dovruq taratayotgan OAZIS so‘lim oromgohidan keyin bu joy yana bir gavjum maskanga aylanishi shubhasiz. Unda Fransiyaning Parij, Avstraliyaning Melburn, Buyuk Britaniyaning London, AQSHning Los-Andjeles kabi shaharlaridagi takrorlanmas me’moriy yechimga ega mo‘’jaz qurilmalarning o‘ziga xos “ansambli” kishiga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. 

–  Mazkur loyiha uchun tuman markazi Ibn Sino mahallasidan 31 sotix yer maydoni ajratildi, – deydi mahalladagi hokim yordamchisi Tal’at Shoyev. – Har bir o‘ziga xos dizayndagi qurilish inshooti jami 62 nafar tashabbuskor tadbirkorga taqsimlab berilgan.  Bu yerda 70 ta dam olish, ko‘ngilochar, aholiga savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi bunyod qilinmoqda. “Uzukka ko‘z qo‘ygan” misoli tuman markaziga ko‘rk bag‘ishlayotgan majmuani hademay, mamlakatimiz Mustaqilligi shodiyonasi kunlarida foydalanishga topshirish uchun tayyorgarlik ko‘ryapmiz.

Umumiy qiymati 15 milliard 300 million so‘mga loyihalashtirilgan yaxlit majmua bolalar uchun turli attraksionlar, butik, savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalarini o‘z ichiga olgan bo‘lib, bu maskan tadbirkorlik sub’ektlariga 50 yilga ijara asosida rasmiylashtirib berilmoqda. Muhimi, foydalanishga topshirilgach, bu yerda 200 dan ortiq kishining doimiy bandligi ta’minlanadi.

Shuningdek, Peshku tumani “Valfajr”, Vobkent tumani “Anjirbog‘” mahalla fuqarolar yig‘inlarida hokim yordamchilari Jamshid Xolov hamda Bahodir Salomovlar ish faoliyati press-tur ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

“Valfajr” mahallasida oilaviy tadbirkor Dilfuza Hamdamova to‘y-ma’rakalar uchun ayollar kiyim–kechagini tikib tayyorlash, ularga bezak berish faoliyatini yo‘lga qo‘yishi tufayli o‘ttizga yaqin chevarni o‘z uyidagi sexda, yana ellikka yaqin mohir tikuvchini shu atrofdagi Chorobod, Ko‘chkalo, Xo‘jalar, Ko‘panak kabi qishloqlardan kasanachilik asosida ish bilan ta’minlagan. Sex esa “JACK” va boshqa zarur tikuv mashinasi va uskunalari bilan jihozlangan. Ishlab chiqarish avjida, ishchilarning qo‘li-qo‘liga tegmaydi. 

[gallery-7948]

Anjirbog‘ mahallasi hokim yordamchisi Bahodir Salomov esa ilgari “O‘zmilliybank” AJ Vobkent filiali boshqaruvchisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan moliyachi. Ish boshlagan kunidan mahallasidagi 2 ming 300 ga yaqin aholi, 510 ta xonadon va 656 ta oilani va ulardagi ijtimoiy muammolarni o‘rgandi. 200 nafarga yaqin ishsiz, yana 80 ga yaqin kam ta’minlangan xo‘jalikni og‘ir ahvoldan chiqarish choralarini ko‘rib keladi. Buning uchun uning hududdagi tadbirkorlik sub’ektlari bilan birga yaqin hamkorlik qilayotgani qo‘l kelmoqda.  

– Lider tadbirkorimiz Ashraf Mirzayev Oqrabot qishlog‘ida “ASHMIR MILK INVEST” MCHJ negizida sutni qayta ishlash sexini ishga tushirdi, – deydi hokim yordamchisi Bahodir Salomov. – 5 ta oila a’zolari bandligini ta’minladi. Bunda qishloqdagi  50 ga yaqin xonadondan sut yig‘ib olinadi. “ASHMIR” yorlig‘i ostida qadoqlanadi. Bundan tashqari, yaqindan boshlab sexda tvorog va qaymoq tayyorlash ham yo‘lga qo‘yilgani ichki quvvatni oshirish imkonini berdi. 

“Shofirkon paxta tozalash zavodi” MCHJ yonidan ajratilgan 2,8 gektar maydonning 1 ming 300 metr kvadrat alohida yer maydonida ikki qavatli muhtasham korxona binosi qurilishi joriy yil boshidan loyihalashtirilgan. Mart oyidan qurilishi boshlangan edi. Bu muhtasham inshoot – Turkiya davlati texnologiyasi asosida qurilgan 120 metrga 108 metr o‘lchamidagi katta sex zamonaviy tikuv uskuna va dastgohlari bilan jihozlandi.

Mazkur loyiha umumiy qiymati 50 milliard 700 million so‘mga teng bo‘lib, shundan 25 milliard so‘m sarmoya qurilishga ajratildi. Shuningdek, korxonada 14 milliard 170 million so‘m mablag‘ Yaponiyaning zamonaviy “JUKI” rusumli tikuv mashinasidan 660 donadan ortig‘ini, yana zarur uskuna xarid qilishga yo‘naltirildi. Fabrikada har birida 30 ta tikuv mashinkasidan iborat 22 dona potok ishlab chiqarish tikuv liniyalari yo‘lga qo‘yilmoqda. Jarayonda 10 milliard 900 million so‘m mablag‘ ishlab chiqarish uchun zarur yarim tayyor xom ashyo – mato uchun sarflanmoqda.

Press-tur ishtirokchilari o‘tgan oyda ish boshlagan “Amirtex” yorlig‘i ostida “AZTEX” tikuvchilik fabrikasi nomini olgan mazkur ishlab chiqarish inshootida bo‘ldi. Qizg‘in jarayon bilan yaqindan tanishishdi. Yirik loyihada bevosita hududdagi hokim yordamchisining o‘rni qanday degan savolga javob olindi.

 – Korxona ishchi jamoasini shakllantirish, mehnatga layoqatli chevarlarni saralashda kam ta’minlangan oilalarda ishsiz va daromadsiz qolgan xotin-qizlar salohiyati alohida o‘rganildi, – deydi Guliston mahallasi hokim yordamchisi Zafar Umurov. —Ulardan 50 nafardan ortig‘i shu yerda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan viloyat monomarkazi filialida kasb-hunar kursiga jalb qilindi. Keyin ishga qabul qilindi. Hozir bu ishchilarimizga 2 million so‘mgacha oylik maosh tayinlangan. Qolaversa, yana o‘ttiz nafar xuddi shu toifadagi xotin-qizlarimizni o‘qishga jalb qilganmiz.

G‘ijduvon tumani “Zarafshon” MFY markazida yengil sendvich konstruksiyasidan “G‘ijduvon chevarlari” MCHJ qurib, ishga tushirilgani mahalliy chevar xotin-qizlar uchun ham qulay imkoniyat bo‘ldi. Jumladan, shu kungacha ishsiz uyda o‘tirgan Salomat Zikrullayeva, Iroda Murodova, Mahliyo Halimovalar bu korxonaga ishga qabul qilindi. Endilikda ular 40 kishilik artel – o‘ziga xos gilamchilik sexining chevarlari.

Viloyat markazidagi “Bukhara News Carpets” MCHJ gilamchilik korxonasi filiali bo‘lgan bu sub’ekt ta’sischisi Baxtiyor Maydunxo‘jayevning bildirishicha, G‘ijduvon korxonasi uchun turkiyalik investorlar tomonidan 600 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilgan. Bu sub’ektda har oyda qo‘l mehnati bilan 60 tadan ortiq turli o‘lchamdagi jun gilam to‘qilib buyurtmachilarga yetkazilmoqda.

Ishlab chiqarish imkoniyatini oshirish hisobidan yil oxirigacha sex ishchilari sonini 100 nafarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Bu esa “Zarafshon” mahalla fuqarolar yig‘inidagi hokim yordamchisi Aziz Nutfulloyev zimmasiga qo‘shimcha mas’uliyat yuklaydi. Negaki, qo‘lida hunari bo‘la turib, ayni paytda ishsiz qolayotgan xotin-qizlarni bu korxonaga jalb qilish, ularni mehnatiga yarasha daromad topishi uchun sharoit yaratish uning bevosita vazifasi hamdir. 

Shu kuni ommaviy axborot vositalari xodimlari G‘ijduvon tumani markazi – Abduxoliq G‘ijduvoniy mahallasidagi O‘zbekiston xalq ustasi Alisher Narzullayev uy-muzeyi, kulolchilik ustaxonasida ham bo‘lishdi. Xalq amaliy san’atining qadimiy an’anasini ardoqlab kelayotgan oilaviy sulola faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Bu yerda 20 sotixdan ortiq maydonni egallagan hovli, unda tabiiy va milliy an’analar uslubida kulollar uchun yaratilgan muhit, ta’bir joiz bo‘lsa, oddiy gil tuproqdan san’at asari bunyod qilish mahoratiga oid bir necha bosqichli ish jarayoni hech kimni befarq qoldirmaydi. Balki shu bois milliy hunarmandchiligimizning yorqin namunasi bo‘lmish bu dargoh mehmonlar, xorijiy sayyohlar bilan doimo gavjumdir. 

Bu yerda mashhur xalq ustasining o‘g‘li, kulollar sulolasi vakili Olimjon Narzullayev mehmonlarga batafsil ma’lumot berdi. Ishlab chiqarish, rang-bo‘yoq tayyorlash sex va o‘choqlari, qolaversa, boy tarixiy ashyolariga ega uy muzeyi, unda qadrli bo‘lgan osori-atiqalar bilan tanishtirdi. Shuningdek, ayni paytda 2,5 mingdan oshiq aholi, 457 ta xonadon va 583 ta oilasiga ega “A.G‘ijduvoniy” mahalla fuqarolar yig‘inida borayotgan o‘zgarish va yangilanishlar, obodonlashtirish va ijtimoiy muammolar yechimi xususida hokim yordamchisi Azizbek Ashurov tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar e’tibordan chetda qolmadi. 

Bularning barchasi Prezidentimiz tomonidan  amalga oshirilgan islohotlar, xayrli tashabbuslarning amaldagi ifodasidir.

Zarif Komilov,

 Tohirjon Istatov (surat), O‘zA