English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoro viloyati: “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ijroda va nazoratda
20:02 / 2024-07-22

Buxoroda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va 2024 yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi ijrosini monitoring qilish, jamoatchilik nazoratini tashkil etish hamda ularning maqsad va vazifalarini keng jamoatchilikka yetkazish masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Zoom platformasi orqali o‘tkazilgan tadbirda  Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi va viloyat Kengashi deputatlari, viloyat hokimi o‘rinbosari, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi mas’ullari, korxona, tashkilot, muassasalar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Yig‘ilishda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi – xalq strategiyasi onlayn portali taqdimoti, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda 2024 yil Davlat dasturining maqsadlari, ustuvor yo‘nalishlari va vazifalarning mazmun-mohiyati haqida so‘z bordi. Shuningdek, hududiy dasturlarda belgilangan vazifalar va ularning bajarilishi holati tahlil qilindi. Mazkur masala yuzasidan “Yuksalish” harakati Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari  Hamza Ro‘ziyevning axboroti tinglandi.

[gallery-18367]

Ta’kidlanishicha, Prezidentimizning 2024 yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida” gi farmonida dastur ijrosini ta’minlash bilan bir qatorda uning o‘z vaqtida, sifatli bajarilishi bo‘yicha jamoatchilik nazoratiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, “Yuksalish” harakatiga Davlat dasturining amalga oshirilishini, shu jumladan joylarga chiqib, jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda tanqidiy o‘rganib borish va natijalari bo‘yicha har oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritish vazifasi yuklatilgan. 

Shu bilan birga, Davlat hokimiyati organlari, vazirlik va idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari “Yuksalish” harakatining mazkur band ijrosi bo‘yicha faoliyatiga har tomonlama ko‘maklashib borishi belgilangan. Biroq, ayrim tashkilotlarda rasmiy xatlarga javob bermaslik, e’tiborsiz qoldirish, ma’lumot taqdim etmaslik holatlari ham uchrayapti. Hududiy dasturda jami 138 ta band bo‘yicha vazifalar ijrosi  rejalashtirilgan. Shundan 73 ta vazifalar ijrosi yil davomida amalga  oshirilishi nazarda tutilgan. Bo‘linma tomonidan 1 iyul holatida hududiy dastur ijrosi tahlil qilindi. Hisobot davrida 39 ta band va bunda 59 ta vazifa ijrosi amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, shundan 35 ta bandi bo‘yicha 50 ta vazifa ijrosi ta’minlangan.   Dasturning 4 ta bandi bo‘yicha 6 ta vazifalar ijrosiga  kirishilgan bo‘lsada, belgilangan muddatlarda oxiriga yetkazilmagan.  

“Yuksalish” harakatining hududiy bo‘linmasi tomonidan hisobot davrida “Yoshlar va  biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi ijrosi yuzasidan bir qator jamoatchilik monitoringi tadbirlari o‘tkazilgan.  Albatta, mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda ushbu yo‘nalishlarda viloyatda ko‘plab ijobiy ishlar qilinyapti, biroq, o‘rganishlar davomida ayrim yo‘nalishlarda o‘z yechimini kutayotgan kamchiliklar, tizimli muammolar borligi ham aniqlangan.

Dasturning tibbiyot sohasida belgilangan bir qator vazifalarning ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida kamchiliklar bilan bir qatorda ayrim tizimli muammolar borligi ma’lum bo‘lgan. 

Jumladan, Davlat dasturining 16-maqsadi 39-bandida belgilangan homilador va bola emizuvchi ayollarni yod preparati bilan ta’minoti Sog‘liqni saqlash vazirligi  tomonidan to‘xtatilgan. 35 yoshgacha tug‘ish yoshidagi ayollarni foliy kislotasi preparati bilan bepul ta’minoti ham joriy yilning o‘tgan davrida markazlashgan holda respublikadan berilmagan. Shuningdek, ushbu maqsadning 40-bandida bolalarning sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash orqali ratsional o‘sishi va rivojlanishi, aqlan barkamol bo‘lib shakllanishini ta’minlash maqsadida 6-23 oylik bo‘lgan bolalarni mikronutriyent kukuni bilan bepul ta’minlash belgilangan, biroq, 2024 yilning o‘tgan davrida ushbu vazifa ham respublikadan ta’minot amalga oshirilmaganligi bois bajarilmasdan  kelinmoqda.  

Dasturda qishloq xo‘jaligi hamda investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladigan loyihada investitsiya mablag‘larining o‘zlashtirilishi hamda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha oylik monitoring o‘rnatish, loyihani ishga tushirishda yuzaga keladigan muammolarni o‘rganish va bartaraf etish choralarini ko‘rish vazifalari ham belgilangan. Biroq, o‘rganishlar davomida  mazkur vazifa ijrosi ham  bajarilmay kelinayotgani aniqlangan. 

Dasturning 1-yo‘nalish 5-bandida “Maktabgacha va  maktab ta’limi tizimidagi umumta’lim maktablarni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda umumta’lim maktablarining sanitariya-gigiyena infratuzilmasini bosqichma-bosqich ta’mirlash belgilangan. Bunda, mart oyida toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan hamda ta’mirtalab sanitariya-gigiyena infratuzilmasi mavjud umumta’lim maktablarini qayta xatlovdan o‘tkazish hamda aprel oyida xatlov natijasi asosida loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va unga asosan zarur bo‘lgan mablag‘larni ajratish vazifalari belgilangan bo‘lib, ushbu ishlarni moliyalashtirish manbalari etib, respublika va mahalliy byudjet mablag‘lari qayd etilgan. Biroq, bugungi kunga qadar ushbu band ijrosining bajarilishi ta’minlanmagan. Monitoring jarayonlarida ushbu holatning sabablari ham o‘rganildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 24 maydagi PQ-257-sonli “Aholining ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarini 2022-2025 yillarda ichimlik suvi bilan ta’minlash dasturi”ga asosan, ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun 2023 yildan boshlab har yili respublika va mahalliy byudjetdan teng ulushlarda 50 milliard so‘mdan jami 100 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan. 

O‘tkazilgan xatlov natijalari asosida 2024 yil 19 martdagi 5/37-992-sonli xat bilan umumta’lim maktablarini ichimlik suvi bilan ta’minlash ishlarining moliyalashtirish manbalariga aniqlik kiritish maqsadida, umumta’lim maktablarini ichimlik suvi bilan ta’minlashning asosiy parametrlari hamda talab etiladigan mablag‘larning dastlabki hisob-kitoblari Iqtisodiyot va moliya vazirligiga, 2024 yil 3 apreldagi 1/38-1184-sonli xat bilan Vazirlar Mahkamasiga murojaatlar kiritilgan. 

Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2024 yil 18 apreldagi 05/38-1-4-8347-sonli xat bilan, maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi umumta’lim maktablarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash tadbirlari uchun talab etiladigan qurilish materiallari, uskuna va jihozlar xarid qilishni tegishli mahalliy byudjetlarning ichki imkoniyatlari hisobidan, ob’ektlar bo‘yicha qurilish-ta’mirlash ishlari suv ta’minoti tashkilotlari hisobidan amalga oshirish taklifi kiritilgan. 

“O‘zsuvta’minot” AJ kuzatuv kengashi a’zolari tomonidan 2023 yil 30 noyabrda o‘tkazilgan 52-sonli majlis bayonnomasi asosida ma’qullangan 2024 yil uchun mo‘ljallangan biznes rejasida esa (smeta  xarajatlari) ushbu ish hajmlari uchun mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmagan. Shu sababli ushbu band ijrosi haligacha bajarilmay kelinmoqda. 

Yig‘ilishda davlat dasturi ijrosiga mas’ul bo‘lgan idora, tashkilotlar rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Abira Huseynova hamda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Botir Ahmedov qatnashdi.  

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (video+surat), O‘zA muxbirlari.