Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoro viloyati: ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanadi
15:43 / 2024-04-09

Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki ishtirokida amalga oshirilayotgan “Buxoro viloyatining suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish” loyihasiga start berildi. Umumiy qiymati 437,62 million AQSH dollariga teng bo‘lgan qurilish-bunyodkorlik ishlari doirasida 12 ta hududda keng ko‘lamli ishlar amalga oshiriladi.

Jumladan, ushbu loyiha asosida 90 ming xonadonning ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanadi. 43 ta mahalladagi 137,5 ming nafar aholi ilk bor oqova tizimiga ulanadi.  

25 mingga yaqin aholi istiqomat qilayotgan Qorovulbozor tumanida ichimlik suvi ta’minoti yanada yaxshilanadi.  To‘g‘ri, neftchilar shaharchasida xonadonlar markazlashgan tarmoqqa ulangan. Ammo cho‘l bag‘ridagi 3 ta mahalla aholisi tortilganiga 40-yil bo‘lgan quvurlarning yaroqsizligi, suv o‘tkazish qobiliyati past va sifatsizligi sabab anchagina qiyinchiliklarga duch kelayotgan edi. Shuning uchun mazkur loyiha aynan Qorovulbozor tumanidan start oldi.

– Loyiha doirasida 3 ta suv taqsimlash inshooti rekonstruksiya qilinadi, – deydi “Buxorosuvta’minoti” AJ direktori o‘rinbosari Baxtiyor Nazarov.  – 9 kilometrdan ortiq ichimlik suvi tarmoqlari tortiladi. Ayni kunda rekonstruksiya ishlari boshlandi. 2 ta 500 kublik suv inshooti butunlay yangidan bunyod etiladi.  

Qorovulbozordagi suv ta’minoti tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlariga qariyb 9 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ yo‘naltiriladi. Bu bilan tuman aholisi 100 foiz toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.  

Ta’kidlash joizki, loyihada kelgusi 40-yillikdagi aholi o‘sishi va yuzaga keladigan talablar ham to‘liq inobatga olingan. Qorovulbozor tumanida mazkur loyiha asosida 4 ta oqova suv nasos stansiyasini qurish va 47,3 kilometr tarmoq tortish ishlari ham amalga oshiriladi. Bu bilan 4 ta mahallaning 14 mingdan ortiq aholisi ilk bor oqova suv tarmoqlariga ulanadi.  

Mazkur xalqaro investitsiya loyihasining natijadorligi bois Olot va Qorako‘l tumanlari aholisining markazlashgan ichimlik suv ta’minoti ko‘rsatkichi 17,5 foizdan 92 foizga yetadi. Ma’lumot uchun, oxirgi 6-yilda Buxoro viloyatida Jahon banki kreditlari hisobidan Qorako‘l va Olot tumanlari aholisi suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha qiymati 139 million AQSH dollar hamda Buxoro va Kogon shaharlari oqova tizimlarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha umumiy qiymati 55 million AQSH dollar bo‘lgan loyihalar amalga oshirildi. Bu viloyat aholisining markazlashgan ichimlik suv ta’minoti 51 foizdan 73,1 foizga, oqova xizmati bilan ta’minlanganlik darajasini 9,2 foizdan 16 foizga oshirdi.

– Tumanimizda 170 mingga yaqin aholi yashaydi, – deydi “Buxorosuvta’minoti” AJ Qorako‘l filiali muhandisi Bayram Qo‘chqorov. – Prezident qarori asosida 150 ming aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Yaqin kunlarda tuman aholisi 100 foiz toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.  

Qisqa fursatda amalga oshirilgan ishlarga kishining ishongisi kelmaydi. Qorako‘ldagi har bir mahallada bugun qad rostlagan ulkan suv minoralarini tumanga qayta hayot baxsh etayotgan mo‘jizaga o‘rnatilgan monumentga qiyoslash mumkin.  

[gallery-16847]

Yana bir muhim jihat, amalga oshirilgan ishlar natijasida olis tumandagi aholi xonadonlaridan tashqari, sanoat korxonalari, ijtimoiy soha obyektlari ham to‘liq toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Bu ham yurtimiz ertasi bo‘lgan yosh avlodning sog‘lom holda kamolga yetishi yo‘lidagi yana bir muhim qadamdir. 2024-yilda maqsadlar katta olingan. Avvalo, viloyatdagi 2 ta suv inshootlariga quyosh panellari o‘rnatiladi. Eskirgan 19 ta suv nasoslarini energiya tejamkor nasoslarga almashtirish hisobiga 680 ming kilovatt-soat elektr energiyasini tejashga erishiladi. Eng muhimi davlatimiz rahbarining Jahon banki kreditlari hisobidan Qorako‘l va Olot tumanlari aholisi suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha “Buxoro viloyatining Olot va Qorako‘l tumanlarini ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq, bu ikki tuman 100 foiz ichimlik suviga ega bo‘lgan hududlar toifasiga kiritiladi.  

Zarif Komilov,

Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari