Buxoro viloyati hokimi tomonidan har bir madaniy meros ob’ekti holatini o‘rganish maqsadida 2020 yil 15 dekabr kuni 303-f-sonli farmoyish qabul qilindi.
Mazkur hujjatga asosan alohida muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan ob’ektlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish, shu asosda qurilish va ta’mirlash ishlari talab etiladigan ob’ektlarning manzilli ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar rahbar va mas’ul xodimlaridan iborat viloyat ishchi guruhi tuzildi.
Mazkur ishchi guruhga viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Botir Zaripov o‘zi bosh bo‘ldi. Viloyat rahbari tomonidan Buxoro shahrining tarixiy markazida joylashgan “Somoniylar” “Chashmai Ayub” maqbaralari, Buxoro yahudiylari “Sinagoga”si, Nodir Devonbegi xonaqosi va boshqa madaniy meros ob’ektlari joyiga borib ko‘rildi.

O‘rganish jarayonida viloyat hokimi B.Zaripov tomonidan “Somoniylar” maqbarasi, “Somoniylar bog‘i” hamda Buxoro yahudiylari “Sinagoga”sida restavratsiya, tiklash va obodonlashtirish ishlarini olib borishga doir loyihalarni tayyorlash, shu kabi viloyatdagi barcha madaniy meros ob’ektlarida mavjud muammolarni joyida o‘rganish va ularni asl holatini saqlash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Buxoro Respublikada eng ko‘p madaniy meros ob’ektlari mavjud bo‘lgan viloyatlardan biri hisoblanadi. Madaniy meros ob’ektlaring aksariyati YUNESKO muhofazasiga olingan. 339 gektar hududni egallagan “Buxoro tarixiy markazi” umumbashariy qiymatga ega noyob ob’ekt hisoblanadi.
Viloyatda ayni paytgacha ro‘yxatga olingan jami 829 ta moddiy madaniy meros ob’ektlari, shundan 287 ta arxeologik yodgorliklar, 507 ta arxitektura ob’ektlari, 17 ta monumental san’at asarlari va 18 ta diqqatga sazovor joylar mavjud.

Ishchi guruhi tomonidan hozirgacha viloyatdagi 500 dan ortiq madaniy meros ob’ektlari holati joyida o‘rganib chiqildi. Ularni butligini saqlash, tiklash hamda ulardan samarali foydalanish bo‘yicha manzilli “Yo‘l xaritalar”i tayyorlashga kirishilgan.
Mazkur tadbirlar davom etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA