Buxoro viloyati Fermerlari kengashi raisi Xurshid Boltayev boshchiligidagi 15 nafardan ortiq fermerlardan iborat delegatsiya Turkiya Respublikasining Adana shahriga nazariy-amaliy o‘quv safari bilan tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida fermerlar “Sharqiy O‘rta Yer dengizi qishloq xo‘jaligi tadqiqot instituti”ning malakali professor-o‘qituvchilari va soha mutaxassislari bilan paxtachilik, g‘allachilik hamda boshqa donli ekinlarni yetishtirish bo‘yicha ilg‘or tajribalar yuzasidan fikr almashdilar.

Shuningdek, delegatsiya mamlakatning muhim agrar hududlaridan biri sanalgan Adana shahridagi g‘allachilik klasteri faoliyati bilan tanishdi. U yerda zamonaviy agrotexnologiyalar, yuqori hosildor navlar va resurs tejovchi usullar amalda qo‘llanilayotgani qayd etildi.

Uchrashuvlar yakunida tomonlar bunday o‘quv-amaliy tadbirlarni muntazam tashkil etish, agrar sohada tajriba almashinuvini kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar. O‘quv dasturi yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

Mazkur tashrif O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning 2025-yil 10-dekabr kuni Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirilmoqda.

Bunday o‘quv va amaliy safarlar fermer xo‘jaliklari rahbarlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, yuqori qiymatli eksportbop mahsulotlar yetishtirishni kengaytirish hamda xorijiy hamkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
O‘zA