Mamlakatimizda adliya organlarini yagona davlat huquqiy siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydigan professional xizmatga aylantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2018 yil 13 apreldagi adliya organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan farmon va qarorlari bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Mazkur yo‘nalishda Buxoro viloyati adliya boshqarmasi va tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir.
–Viloyat adliya boshqarmasi va tuman (shahar) bo‘limlariga joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida 106 ta mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari loyihalari huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun kelib tushgan. Ularning 52 tasi belgilangan talablarga rioya qilinmay taqdim qilinganligi sababli qaytarilgan, – deydi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Anvar Rahmatov. – Xususan, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan “Ye-qaror” elektron tizimi orqali normativ-huquqiy tusga ega bo‘lmagan qarorlar taqdim qilinganligi, normativ-huquqiy tusdagi qarorlarga taalluqli hujjatlar to‘liq ilova qilinmaganligi, qaror loyihalarida o‘z kuchini yo‘qotgan qonunchilik normalari havola qilinganligi, qaror loyihalari regulation.gov.uz portali orqali jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmasdan huquqiy ekspertizaga taqdim qilinganligi sababli qaytarilgan.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, Romitan, Peshku, Shofirkon tuman hokimliklari tomonidan 2022 yil 6 oy davomida birorta ham normativ tusdagi qarorlar qabul qilinmagan. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, viloyat miqyosida Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari hamda viloyat, tuman va shahar hokimi qarorlari normativ-huquqiy hujjat hisoblanadi.
Hisobot davrida tuman (shahar) hokimliklari tomonidan yo‘l belgilarini o‘rnatish, yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli avtomototransport vositalari va ularning tirkamalarni majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish, dafn etish joylarini saqlash qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.
Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan esa mahalliy byudjetni tasdiqlash, to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish, qishloq xo‘jaligida mo‘ljallanmagan yerlar uchun jismoniy va yuridik shaxslarning yer solig‘i stavkalariga o‘zgartirish kiritish, mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlarini o‘zgartirish va tashkil etish, aholi punktlari va xiyobonlar nomini belgilash, o‘zgartirish to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonuni 16-moddasida Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari hamda viloyat, tuman va shahar hokimi o‘z vakolatlari doirasida qarorlar tarzida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishi belgilangan.
bugungi kunda normativ tusdagi qarorlarni huquqiy ekspertizadan o‘tkazmasdan qabul qilish holatlari ham uchramoqda. Xususan, noqonuniy normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligi aniqlanib, ularning 33 tasi taqdimnomalar asosida bekor qilindi. Jumladan, Shofirkon tumani hokimining 2022 yil 11 iyundagi 201-2-41-Q/22-sonli “Tuman hududidagi yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli avtomototransport vositalari va ularning tirkamalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi normativ tusdagi qarori tuman adliya bo‘limida huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmasdan hamda tegishli xulosa olinmasdan qabul qilingan.
Shuningdek, boshqarma tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlarining 41 ta normativ-huquqiy hujjatlari davlat hisobiga olinib, rasmiy nashrlarda e’lon qilindi. Ma’lumot uchun, davlat tashkilotlariga sifatli va malakali yuridik yordam ko‘rsatish maqsadida viloyatda 13 ta yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etildi. Markazlarga 2022 yil 6 oyi davomida “Ye-huquqshunos” elektron tizimi orqali 53 ming 170 ta, shundan 35 ming 980 ta buyruq, 17 ming 117 ta shartnomalar, 9 ta talabnoma, 52 ta murojaatlar kelib tushgan. Mazkur hujjatlarning 47 ming 805 tasiga ijobiy, 495 tasiga salbiy xulosa berilgan. 4 ming 797 ta xulosalar kamchiliklar mavjudligi sababli qaytarilgan.
2022 yilning 6 oyi mobaynida huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish sohasida boshqarma va tuman (shahar) adliya bo‘limlari tomonidan jami o‘rganish va monitoringlarda 200 dan ortiq idoralar faoliyati tahlil qilingan. Unda 50 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar tahlil qilindi. Shundan, 10 tasini qonun hujjatlari, 22 tasini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, 17 ta Vazirlar Mahkamasining qarorlari tashkil etdi.
Zarif Komilov, O‘zA