English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoro viloyati: 22 ming 301 nafar bitiruvchidan 17 ming 963 nafari oliy ma’lumotli bo‘lish istagini bildirgan
09:57 / 2022-06-25

Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasida 2021-2022 o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar qatnashdi. 
Dastavval boshqarma boshlig‘i Dilfuza Mustafoyeva o‘quv yili yakunlari bo‘yicha hisobot berdi.

Jamiyatda o‘qituvchi nufuzini oshirish, maktab ta’limini rivojlantirish, o‘quvchi-yoshlarning har tomonlama chuqur bilim olishini ta’minlash borasida olib borilayotgan izchil islohotlar samarasi o‘laroq, tugallangan o‘quv yilida salmoqli natijalarga erishilgani alohida qayd etildi.  

Ta’kidlanishicha, 2021-2022 o‘quv yilida viloyat xalq ta’limi tizimida 538 ta umumta’lim maktablari faoliyat yuritdi. Ularda 321 ming 919 nafar o‘quvchi ta’lim oldi. Ayni paytda ushbu maktablarda 24 ming 488 nafar pedagog faoliyat yuritmoqda. Oliy toifali o‘qituvchilar soni 2 ming 940 nafarni tashkil etadi. 2022 yilda oliy toifali o‘qituvchilar sonini 3 ming 543 nafarga yetkazish bo‘yicha ishlar boshlangan. O‘qituvchilarning 18 ming 134 nafari yoki 63,5 foizi toifaga ega bo‘lgan o‘qituvchilardir. 2022 yilda toifaga ega o‘qituvchilar sonini 1 ming 800 nafarga oshirib, toifali o‘qituvchilar ulushini 69,8 foizga yetkazish rejalashtirilgan. 

O‘quv yili mobaynida umumta’lim maktablarida ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini, pedagog kadrlarning kasbiy mahoratini oshirish maqsadida 6 ming 385 nafar pedagoglar malaka oshirish kurslariga jalb qilindi. Shuningdek, barcha fanlar yo‘nalishida 165 ta tayanch maktabida 300 ga yaqin trener-o‘qituvchilar faoliyat olib bordi. 45 ta viloyat o‘quv, ilmiy-amaliy seminarlari o‘tkazildi, viloyat va tuman, shahar fan metodistlari tomonidan 185 ta metodik tavsiya, 250 ta namunali dars ishlanmalari, test topshiriqlari namunalari, 500 dan ortiq dars taqdimotlari tayyorlandi va umumta’lim muassasalariga yetkazildi. Olib borilgan keng qamrovli harakatlar natijasida 112 nafar o‘qituvchining ish tajribasi viloyatda, 82 nafar pedagog xodimlarning ish tajribasi Respublika miqyosida ommalashtirildi. 
Ayni paytda viloyat umumta’lim maktablarida 2 ming 841 nafar xorijiy til o‘qituvchilari faoliyat olib bormoqda. Mavjud umumta’lim maktabining 484 tasida ingliz tili fani o‘qitiladi. Bu jarayonni 2 ming 376 nafar pedagoglar olib bormoqda. Xorijiy til pedagoglarining 250 nafari fransuz, 215 nafari nemis tili fani o‘qituvchilari ulushiga to‘g‘ri keladi. 

12 nafar xorijiy til fan o‘qituvchilarining ilg‘or ish tajribasi respublikada, 18 nafarining ish tajribasi viloyat miqyosida ommalashtirildi.
Xorijiy til fan o‘qituvchilarining 700 nafardan oshig‘i milliy va xalqaro sertifikatlarga ega. Xorijiy tillarga o‘qitishning sifatini oshirish maqsadida   2021-2022 o‘quv yilida Buxoro viloyatdagi 14 ta umumta’lim maktablari negizida xorijiy tillarni o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilgan. 

O‘quvchilarning oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlarini oshirish masalasi ham eng muhim vazifalarimizdan biridir. 2021 yilda viloyat umumta’lim maktablari bitiruvchilarining 32,9 foizi oliy o‘quv yurtlariga qabul qilindi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Buxoro viloyati respublikada yetakchi o‘rinni egalladi. Joriy o‘quv yilida esa maktablarning 11 sinfini 22 ming 301 nafar o‘quvchi tamomladi. Fanlarni a’lo baholarda o‘zlashtirgan iqtidorli bitiruvchilarimizning 533 nafari oltin, 107 nafari kumush medallarga munosib topildi.

O‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, bitiruvchilarning 17963 nafari oliy o‘quv yurtlariga kirish istagini bildirgan. 855 nafari texnikumlarga, 475 nafari kollejda o‘qish istagini bildirgan. Maktab ostonasidanoq, “Ustoz-shogird” an’anasiga ko‘ra, o‘z-o‘zini ish bilan ta’minlagan o‘quvchilar soni 1 ming 139 nafarni tashkil etmoqda. 
Anjuman davomida jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga boshqarma boshlig‘idan batafsil javob oldi.

Tadbir yakunida 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan viloyat xalq ta’limi tizimi faoliyatini keng yoritish, tizimdagi islohotlar targ‘ibotidagi hamkorligi uchun  bir guruh jurnalist va blogerlar munosib taqdirlandi.

Zarif Komilov, 
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA