Rossiya Federatsiyasining Nijegorod viloyati gubernatori Gleb Nikitin boshchiligidagi delegatsiya vakillari Buxoroda bo‘ldi.
Tashrif doirasida Gleb Nikitin boshchiligidagi delegatsiya viloyat hokimi Botir Zaripov bilan uchrashdi. Muloqotda so‘nggi yillarda hukumatlar tomonidan savdo-iqtisodiyot, neft-kimyo, transport kommunikatsiyalari, qishloq xo‘jaligi, madaniyat, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Buxoro viloyatida xorijiy investitsiya ishtirokidagi 360 dan ortiq korxonalar faoliyat yuritmoqda. Ularning 55 tasi buxorolik tadbirkorlar va Rossiya Federatsiyasi kompaniyalari hamkorligidagi korxonalar hisoblanadi. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Buxoro viloyati bilan tashqi savdo aylanmasida yuqori ulushga ega bo‘lgan 3 ta davlatlardan biridir. 2021 yilda Buxoro viloyati va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi o‘zaro tashqi savdo aylanmasi 237,9 million dollarni tashkil etgan. Eksport hajmi 56,9 million dollar va import hajmi 181 million dollarga yetgan. Joriy yil yanvar-mart oylarida viloyatda va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi o‘zaro tashqi savdo aylanmasi 71,3 million dollarni tashkil etib, eksport hajmi 15,4 million dollar hamda import hajmi 55,9 million dollarga yetdi.
– Joriy yilda biz tashqi savdo aylanmasini 500 million dollargacha, 2026 yilgacha 1 milliard dollarga yetkazishni hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmini oshirishni rejalashtirganmiz, – deydi viloyat hokimi Botir Zaripov. – Shunga ko‘ra, rossiyalik hamkorlarni Buxoro viloyatida investorlar uchun yaratilgan barcha imtiyozlardan foydalangan holda paxta xom ashyosini chuqur qayta ishlovchi yengil sanoat korxonalari bo‘yicha klasterlar tashkil etish, tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish, zamonaviy mehmonxonalar qurish, gastronomik va ekoturizm sohasi sub’ektlarini ochish, farmatsevtika sohasida loyihalarni tashkil etish hamda erkin iqtisodiy zonalarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash texnologiyalarini o‘rnatish, yengil sanoat korxonalarini tashkil qilish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikka taklif etamiz.
O‘z navbatida samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirgan Gleb Nikitin Nijegorod viloyati gubernatorligi Buxoro viloyati va Nijegorod viloyati o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik, transport-logistika, madaniy-gumanitar, ta’lim va sport yo‘nalishlaridagi aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, muloqotda Nijniy Novgorod shahri meri Yuriy Shalabayev shahar haqida taqdimot qildi.
Uchrashuvda Buxoro va Nijniy Novgorod shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida bitim imzolandi. Shuningdek, delegatsiya a’zolari Buxoroning diqqatga sazovor tarixiy qadamjolarini ziyorat qildi.
Zarif Komilov, O‘zA