Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buxoro va Navoiyda “Qishloq shifokori” dasturining ijrosi qay holatda?
09:32 / 2021-11-05

Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish, kasalliklarni profilaktika qilish va barvaqt aniqlash, malakali tibbiy kadrlarni tayyorlash, sohaga yangi boshqaruvni joriy qilish bo‘yicha izchil islohotlar olib borilmoqda.

Natijada oilaviy shifokorlik punktlari, oilaviy poliklinikalarni tashkil etish orqali birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatish tizimi takomillashtirilib, aholining ushbu xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengaytirildi. Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishning yagona markazlashgan tizimi yaratilib, tez tibbiy yordam shoxobchalari oilaviy poliklinikalargacha joylashtirildi.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2020 yil 12 noyabrdagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, olis va chekka hududlarda oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalari shifokorlari uchun “Qishloq shifokori” dasturi joriy qilindi. Dastur doirasida ishga qabul qilinadigan shifokorlarning yashashi uchun sharoitlar yaratish, ularni moddiy rahbatlantirish, ipoteka kreditlari asosida uy-joy ajratish vazifalari belgilangan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari hamda Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitalari hamkorligidagi kengaytirilgan yig‘ilishda Prezidentimizning yuqoridagi farmonining 6-bandi ijrosi yuzasidan mutasaddi vazirliklarning axboroti eshitildi.

Qayd etilganidek, deputatlar bugungi kunda sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish bilan birga, aholiga sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish va sog‘liqni saqlash muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni zarur dori-darmonlar, tibbiy jihozlar bilan uzluksiz ta’minlashga alohida e’tibor qaratib, soha faoliyati ustidan deputatlik va parlament nazoratini olib bormoqda. Xususan, xalq vakillari tomonidan “Qishloq shifokori” dasturi joriy qilinishi holati vazirliklar taqdim qilgan ma’lumotlar asosida hamda Buxoro va Navoiy viloyatlari misolida joyiga chiqqan holda nazorat-tahlil tartibida o‘rganildi.

O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, mamlakatimiz olis va chekka hududlarida istiqomat qiluvchi aholining sifatli va qulay tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatini yaratuvchi mazkur dasturni joriy qilish borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan ro‘yxatga ko‘ra, 243 ta hududda joylashgan 40 ta oilaviy poliklinika va 83 ta oilaviy shifokorlik punktidagi shifokorlik shtatlari o‘rganib chiqildi.

Bo‘sh ish o‘rinlarini malakali shifokor bilan ta’minlash yuzasidan “Qishloq shifokori” dasturi doirasidagi imkoniyatlardan foydalanish uchun 70 nafar shifokor bilan viloyat hokimliklari o‘rtasida shartnomalar tuzilib, 93,5 shtat birligi band qilingan.

Hozirgi kunda Dastur doirasida ishga qabul qilingan shifokorlarni xizmat uylari bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Qolaversa, respublika byudjeti hamda mahalliy byudjetlar mablag‘lari hisobidan 30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mablag‘lari to‘lab berish yo‘lga qo‘yilgan.

Eshituvda tibbiyot sohasida olib borilayotgan islohotlar aholiga qulayliklar yaratish barobarida tibbiy xizmat sifatini tubdan yaxshilashga xizmat qilishi aytilib, dastur doirasida ish boshlagan, ijara uyiga joylashgan shifokorlarga ijara to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lash lozimligi ta’kidlandi.

Muhtarama Komilova, O‘zA