Buxoro va Grozniy: maktabgacha ta’limda do‘stlik ko‘prigi
Buxoro shahri va Checheniston Respublikasining Grozniy shahri bir-biri bilan do‘stlik va hamkorlik rishtalari bilan bog‘langan.
Shu munosabat bilan Buxoro shahridagi 27-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda Grozniy shahridagi 5-sonli “Diki” maktabgacha ta’lim tashkiloti o‘rtasida onlayn do‘stlik muloqoti o‘tkazildi.

Tadbirda ikki shahar maktabgacha ta’lim tashkilotlari hayoti, ta’lim-tarbiya jarayonlari, milliy urf-odatlar hamda madaniy qadriyatlar namoyish etildi. Milliy musiqa asboblari, milliy taomlar va raqslar orqali har ikki xalqning boy madaniy merosi haqida batafsil ma’lumot berildi.

Bu kabi tadbirlar yosh avlod qalbida ilk bog‘cha yoshidan do‘stlik va hamkorlik tuyg‘ularini mustahkamlaydi, turli xalqlarning madaniyati va an’analarini o‘zaro anglashga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri