Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Buxoro taronalari”: she’riyat kechasi
20:03 / 2026-02-06

Buxoroda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli ijodkor Shamsiddin Sadoiyning “Buxoro taronalari” nomli saylanma kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir viloyat adabiy hayotida muhim voqea sifatida e’tirof etildi.

Taqdimotda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi vakillari, taniqli shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar, madaniyat sohasi xodimlari, shoirning oila a’zolari va yaqinlari, keng jamoatchilik vakillari, kitobxonlar hamda ijodga qiziquvchi talaba-yoshlar ishtirok etdi. 

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Shamsiddin Sadoiy ijod yo‘lining asosiy bosqichlari, uning she’riy dunyoqarashi va badiiy uslubi haqida atroflicha to‘xtaldi. Ta’kidlanganidek, shoirning ijodida Buxoro mavzusi alohida o‘rin tutadi. Uning she’rlarida qadimiy va navqiron Buxoroning tarixi, ma’naviy muhiti, ko‘chalari, insonlari, milliy ruhi va betakror jozibasi samimiy tuyg‘ular bilan ifodalanadi.

[gallery-27517]

“Buxoro taronalari” saylanma kitobiga kiritilgan she’rlarda yurtga muhabbat, Vatanga sadoqat, inson qalbining nozik kechinmalari, poklik va halollik, hayot mazmuni va umr falsafasi kabi mavzular yuksak badiiy mahorat bilan tarannum etilgan. Shoirning so‘z tanlashdagi nozik didi, obrazli fikrlashi, badiiy ifoda vositalaridan mohirona foydalanishi uning ijodini o‘quvchi qalbiga yaqinlashtiradi.

Taqdimot jarayonida “Buxoro taronalari” saylanma kitobi adabiy muhitda o‘ziga xos voqelik ekani yana bir bor e’tirof etildi. Chunki ushbu to‘plamdan o‘rin olgan she’riy asarlar shakl va mazmun uyg‘unligi, fikr teranligi, ruhiy samimiyat va yuksak badiiy mahorat bilan ajralib turadi. 

Shuningdek, tadbirda mamlakatimizda adabiyot va madaniyat sohasiga qaratilayotgan e’tibor jumladan, milliy adabiyotimizni qo‘llab-quvvatlash, ijod ahliga keng imkoniyatlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ijodkorlar uchun beqiyos ma’naviy kuch va ilhom manbai bo‘layotgani ta’kidlandi. 

Mazkur taqdimot tadbiri kitobxonlarda she’riyatga bo‘lgan muhabbatni yanada oshirish, milliy adabiyotimizning boy merosini keng targ‘ib etish va yosh avlodni badiiy ijodga oshno etish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etdi.

Tadbir talaba-yoshlar shoir qalamiga mansub she’rlardan namunalarni ifodali va zavq bilan o‘qib, ishtirokchilarga iliq kayfiyat bag‘ishladi. 

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.